Mudofaa vazirligi markaziy apparatida Raqamli texnologiyalar bosh boshqarmasi, Sun’iy intellekt texnologiyalari departamenti va Kiberxavfsizlik laboratoriyasi tashkil etiladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Myo

Ma’lum qilinishicha, 7-may kuni O‘zbekiston prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy bosh qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyevga armiyani raqamlashtirish va kiberxavfsizlikni ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazildi.

Unda avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlarini rivojlantirish, robotlashgan va avtonom majmualardan foydalanishni kengaytirish, shuningdek, ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar taklif etildi.

Taqdimot davomida Mudofaa vazirligi markaziy apparatida Raqamli texnologiyalar bosh boshqarmasi, Sun’iy intellekt texnologiyalari departamenti va Kiberxavfsizlik laboratoriyasini tashkil etish rejalashtirilayotgani ma’lum qilindi.

Shuningdek, respublikaning barcha hududlarida uzluksiz va barqaror aloqani ta’minlash maqsadida Sun’iy yo‘ldosh aloqa markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilmoqda.

Mudofaa sohasida yagona raqamli siyosat yuritish maqsadida mudofaa vazirining raqamlashtirish, sun’iy intellekt va kiberxavfsizlik bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi joriy etildi.

Harbiy okruglarda esa qo‘mondonlarning raqamlashtirish, sun’iy intellekt va kiberxavfsizlik bo‘yicha o‘rinbosarlari lavozimlarini joriy etish rejalashtirilmoqda.

Taqdimot yakunida Oliy bosh qo‘mondon bildirilgan takliflarni ma’qullab, armiyani yanada raqamlashtirish, qo‘shinlarga zamonaviy axborot-kommunikatsiya tizimlari hamda sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etishga qaratilgan hujjatlarni imzoladi.

Mutasaddilar oldiga mudofaa sohasini to‘liq raqamlashtirish, milliy sun’iy intellekt modellarini yaratish va malakali harbiy kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha ustuvor vazifalar qo‘yildi.