O‘zbekiston olim va tadqiqotchilaridan iborat delegatsiya Hindistonning Assam shtatidagi Gauhati universitetida o‘tkazilgan xalqaro ilmiy-amaliy seminarda qatnashdi, deya xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.
Seminar sufiylik ta’limoti hamda dinlararo muloqotning tinchlik va ijtimoiy totuvlikni mustahkamlashdagi o‘rni mavzusiga bag‘ishlandi. Unda buyuk boburiy mutafakkir Doro Shukuhning diniy totuvlik haqidagi qarashlari alohida e’tirof etildi.
Tadbirda O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi professori Hulkar Hamroyeva, Namangan davlat universiteti professori Farida Karimova, Qo‘qon davlat pedagogika universiteti professori Barno Abdurahmonova, Urganch innovatsion universiteti dotsenti Charos Sobirova hamda xalqaro jurnalist va tarjimon Asror Allayorov ma’ruza qildi.
Mamlakatimiz vakillarining Markaziy Osiyo va O‘zbekistonning madaniy-intellektual merosiga oid ma’ruzalari ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Ular Hindiston va mintaqa o‘rtasidagi tarixiy-madaniy bog‘liqliklarga ham alohida to‘xtaldilar.
Seminarda boburiylar sulolasi vakili, Shohjahonning to‘ng‘ich o‘g‘li — atoqli mutafakkir va so‘fiy olim Doro Shukuhning ilmiy-ma’naviy merosi keng muhokama qilindi. Mutafakkirning “Majma-ul-Bahrayn” (“Ikki ummon tutashgan joy”) asari dinlar muloqoti va ma’naviy uyg‘unlikning yorqin namunasi sifatida qayd etildi.
Olimlar Doro Shukuhning dinlararo muloqotga doir qarashlari bugungi globallashuv jarayonida yanada dolzarb ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi. Uning shaxsiyati madaniyatlararo aloqadagi birlashtiruvchi g‘oyalar timsoli sifatida e’tirof etildi.
Hindiston OAV anjuman ishini keng yoritib, bunday tadbirlar Hindiston va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlashda muhim o‘rin tutishini bildirdi.
Islom ilm-fani va sufiylik an’analarining qadimiy markazlaridan biri bo‘lgan O‘zbekiston olimlarining faol ishtiroki Doro Shukuh merosining bugungi xalqaro muloqotdagi ahamiyatini yanada ochib bergani qayd etildi. Shuningdek, O‘zbekistonning islom sivilizatsiyasini rivojlantirish va chuqur tadqiq etish yo‘lidagi hissasi alohida e’tirof etildi.
Seminar yakunida tomonlar bu kabi muloqotlar qo‘shma ilmiy loyihalar, akademik almashinuv dasturlari, ko‘rgazmalar va madaniy festivallar uchun yangi imkoniyatlar yaratishini ta’kidladi.