O‘zbekiston tegishli qonun bilan “Oliy ta’lim sohasida malakalarni tan olish to‘g‘risidagi global konvensiya”ni ratifikatsiya qildi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ma’lum qildi.

Mazkur konvensiya BMT tizimidagi oliy ta’lim bo‘yicha yagona global shartnoma hisoblanadi. O‘zbekiston unga qo‘shilgan 39-mamlakat qatoriga kirdi. A’zo davlatlar orasida Yaponiya, Finlyandiya, Shvetsiya, Norvegiya, Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Qirolligi, Avstraliya, Yangi Zelandiya kabi rivojlangan mamlakatlar ham bor.
Hujjatning asosiy normalariga ko‘ra, konvensiyaga a’zo davlatlar xorijda olingan oliy ta’lim malakalarini o‘zaro tan oladi. Natijada O‘zbekiston talabalari chet el oliygohlarida tahsil olish, magistratura va doktorantura dasturlariga teng asoslarda qabul qilinishi mumkin.
Shuningdek, O‘zbekistonda oliy ta’lim olgan shaxslar o‘z malakasini konvensiyaga a’zo davlatlarda soddalashtirilgan tartibda tan oldirib, o‘sha mamlakatlarda mehnat faoliyatini amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.