O‘zbekiston va AQSH sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar hamda startaplarni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi. Bu haqda 30-oktyabr kuni Sietlda o‘tkazilgan xalqaro forum yakunlari yuzasidan O‘zbekistonning Vashingtondagi Bosh konsulxonasi “Daryo”ga ma’lum qildi.

Hb

Seattle AI Week doirasida tashkil etilgan tadbirda texnologiya sohasi, universitetlar, investitsiya hamjamiyati va davlat idoralarining qariyb 60 nafar vakili qatnashdi. Forum O‘zbekiston Bosh konsulxonasi, Amerika–O‘zbekiston biznes va investitsiya kengashi, IT Park Uzbekistan hamda Jahon raqamli texnologiyalar akademiyasi (WDTA) hamkorligida o‘tkazildi.

Muhokamalarda ikki mamlakat o‘rtasidagi texnologik sheriklikni rivojlantirish, sun’iy intellekt bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash, startaplarni qo‘llab-quvvatlash va investitsiyalar jalb etish masalalari ko‘rib chiqildi.

Prezident administratsiyasi rahbarining maslahatchisi, Amerika–O‘zbekiston biznes va investitsiya kengashi kotibiyati rahbari Nozima Davletova O‘zbekistonning raqamli rivojlanish borasidagi ustuvor yo‘nalishlari haqida ma’lumot berdi. U ikki mamlakat o‘rtasidagi biznes va investitsiya aloqalari rivojlanayotganini ta’kidladi.

IT Park Uzbekistan vakili Ruslan Yapparov xalqaro texnologik kompaniyalar bilan hamkorlikda yoshlarni o‘qitish, sun’iy intellekt uchun hisoblash infratuzilmasini rivojlantirish va mahalliy startaplarni xorijiy bozorlarga olib chiqish imkoniyatlarini taqdim etdi.

Shuningdek, Sietl va Toshkent o‘rtasida raqamli shahar boshqaruvi bo‘yicha tajriba almashish masalasi muhokama qilindi. Sietl shahrining texnologiyalar bo‘yicha bosh direktori Shennon Smit sun’iy intellektdan kommunal xizmatlar sifatini yaxshilash, qurilish jarayonlarini soddalashtirish va yo‘l harakati xavfsizligini oshirishda foydalanish tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.

Forum ishtirokchilari sun’iy intellektni qishloq xo‘jaligi, suv tejovchi texnologiyalar, til xizmatlari va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulayliklarni kengaytirishda qo‘llash istiqbollarini ham ko‘rib chiqdi.

Tadbirda Microsoft kompaniyasining dasturiy ta’minot ishlab chiquvchilar yo‘nalishi sobiq prezidenti Juliya Lyuson sun’iy intellekt vositalaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va ta’lim dasturlarini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish muhimligini qayd etdi.

Forum yakunida O‘zbekistonning Vashingtondagi Bosh konsulxonasi va WDTA o‘rtasida texnologiyalar hamda sun’iy intellekt sohasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Hujjat universitetlar, kompaniyalar va davlat muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish, ta’lim tashabbuslari va sinov loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlarini o‘rganishni nazarda tutadi. Shuningdek, sun’iy intellektdan mas’uliyatli foydalanish, kiberxavfsizlik va ma’lumotlarni himoya qilish masalalariga e’tibor qaratiladi.