O‘zbekistonning Avstriyadagi elchixonasi diplomatlari Technopol Krems texnologik markazi va Cells+Tissuebank Austria vakillari bilan tibbiy texnologiyalar, regenerativ tibbiyot hamda to‘qima banklari sohasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.

Technopol Krems tadqiqot va ta’lim muassasalari, universitetlar va biznes vakillarini birlashtiruvchi texnologik markaz hisoblanadi. Markaz regenerativ tibbiyot, onkologiya, diagnostika va tibbiy texnologiyalar yo‘nalishlarida faoliyat yuritadi.
Cells+Tissuebank Austria esa tibbiyotda qo‘llash uchun allogen to‘qimalarni yig‘ish, qayta ishlash va yetkazib berishga ixtisoslashgan. Tashkilot tayanch-harakat tizimi hamda inson suyak to‘qimalari bilan ishlaydi.
Uchrashuvda mutaxassislar uchun amaliyot va malaka oshirish dasturlarini yo‘lga qo‘yish, ekspertlar almashinuvi, qo‘shma seminar va tadqiqotlar o‘tkazish masalalari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, sifat boshqaruvi va GMP standartlari bo‘yicha Avstriya tajribasini o‘rganish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari sifatida to‘qima banklarini rivojlantirish, biologik materiallarni qayta ishlash va saqlashning zamonaviy usullarini joriy etish, tibbiy buyumlar va diagnostika sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish belgilandi.
Mazkur yo‘nalishlarda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi, Innovatsion rivojlanish agentligi, Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, tibbiyot oliy ta’lim muassasalari hamda Tashkent Pharma Park salohiyatli hamkorlar sifatida ko‘rib chiqilmoqda.
Tomonlar tegishli tashkilotlar o‘rtasidagi aloqalarni davom ettirish va to‘g‘ridan to‘g‘ri hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib oldi. Aniq qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish uchun texnik maslahatlashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.