Belarus poytaxti Minsk shahrida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko o‘rtasida oliy darajadagi muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv yakunida tomonlar ikki mamlakat munosabatlarini yangi bosqichga olib chiquvchi Strategik sheriklik deklaratsiyasini imzoladi.

Prezidentlar huzurida ikki davlat hukumatlari, vazirlik va idoralari o‘rtasida hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan qator hujjatlar ham almashildi.
Jumladan, 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan savdo-iqtisodiy va ijtimoiy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi, tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi 2026–2027-yillarga mo‘ljallangan maslahatlashuvlar dasturi hamda fuqarolarning o‘zaro qatnovi to‘g‘risidagi 2005-yilgi bitimga o‘zgartirishlar kiritish haqidagi bayonnoma imzolandi.
Shuningdek, Belarus hududida O‘zbekiston fuqarolarini tashkiliy asosda ishga jalb etish, o‘rmon xo‘jaligi, madaniyat, favqulodda vaziyatlar, turizm va agrosanoat sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha qator bitim va “yo‘l xaritalari” qabul qilindi.
Tomonlar yengil sanoat, ijtimoiy himoya, moliya, qishloq xo‘jaligi, ilm-fan va strategik tadqiqotlar yo‘nalishlarida ham memorandumlar imzoladi. Xususan, O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamda Belarus strategik tadqiqotlar instituti o‘rtasida O‘zbekiston—Belarus ekspertlar kengashini tashkil etish bo‘yicha memorandum qabul qilindi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi va Belarus Milliy fanlar akademiyasi ilmiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi.
Tashrif doirasida O‘zbekiston Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Belarus Fundamental tadqiqotlar jamg‘armasi o‘rtasida ham hamkorlik memorandumi imzolandi.
Rasmiylarga ko‘ra, imzolangan hujjatlar O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy, investitsiyaviy, ilmiy hamda gumanitar hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.