Germaniyaning Saksoniya federal yeri poytaxti Drezden shahrida bo‘lib o‘tgan “bsw-Forum: Fachkräfte” xalqaro forumi doirasida O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida ta’lim va mehnat bozori sohalaridagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan muhim kelishuvlarga erishildi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.

Forumda Saksoniya federal yeri bosh vaziri Mixael Krechmer, O‘zbekistonning Germaniyadagi elchisi Dilshod Axatov, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisining maslahatchisi Jamil Maksudi, shuningdek, ikki mamlakatning biznes tuzilmalari, ta’lim muassasalari va sanoat korxonalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Saksoniya bosh vaziri Mixael Krechmer kadrlar tayyorlash sohasidagi hamkorlikning strategik ahamiyatiga e’tibor qaratdi. Uning ta’kidlashicha, raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlash Saksoniya iqtisodiyotida mavjud ishchi kuchi tanqisligini bartaraf etishda muhim omil hisoblanadi. Shu bilan birga, bu jarayon o‘zbekistonlik yoshlar uchun yangi kasbiy va karyera imkoniyatlarini yaratadi.
O‘zbekistonning Germaniyadagi elchisi Dilshod Axatov mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlik, xususan, ta’lim va mehnat migratsiyasi yo‘nalishida izchil rivojlanib borayotganini qayd etdi. U dual ta’lim tizimini joriy etish va malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha qo‘shma loyihalar istiqboliga alohida to‘xtaldi.
Forum doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi tomonidan mamlakatda kasbiy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, yoshlarni xalqaro mehnat bozori talablariga mos tayyorlash hamda xususiy sektor ishtiroki haqida taqdimot o‘tkazildi.
Tadbir yakunida Saksoniya iqtisodiyoti ta’lim markazi (bsw) va O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi o‘rtasida “CORE” — “Imkoniyatlar, islohotlar va salohiyatni oshirish” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolandi. 2026–2028-yillarga mo‘ljallangan loyiha Germaniya Federal iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot vazirligi ko‘magida amalga oshiriladi.
Shuningdek, tashrif yakunlari bo‘yicha hamkorlikni amalga oshirish yuzasidan “yo‘l xaritasi” ishlab chiqilib, unda biznes vakillari uchun yangi imkoniyatlar yaratishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilab olindi.