O‘zbekistonning Eron Islom Respublikasidagi elchisi Alisher To‘xtayev va Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT) Ilm-fan jamg‘armasi prezidenti Seyed Komail Tayebi o‘rtasidagi uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha yangi kelishuvlarga erishildi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.

Tomonlar ilm-fan, ta’lim va innovatsion rivojlanish sohalarida qo‘shma dasturlarni yo‘lga qo‘yish, ilmiy-amaliy konferensiyalar, yozgi maktablar va seminar-treninglar tashkil etishni rejalashtirdi.
Shuningdek, O‘zbekistonda “yashil” energiya, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar yo‘nalishida amalga oshirilayotgan loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, sog‘liqni saqlash, energetika, transport va qishloq xo‘jaligida innovatsion yechimlardan foydalanish bo‘yicha tajriba almashish kelishib olindi.
Uchrashuv yakunida Seyed Komail Tayebi boshchiligidagi Jamg‘arma delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish, shuningdek, mutasaddi vazirliklar va ilmiy muassasalar bilan muzokaralar o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.