O‘zbekiston va Misr gepatit C kasalligiga qarshi dori vositalarini birgalikda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi hamda Misrning ACDIMA va Dentafill Plus kompaniyalari vakillari o‘rtasida onlayn uchrashuv o‘tkazildi. Unda farmatsevtika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, zamonaviy dori ishlab chiqarish texnologiyalarini transfer qilish hamda ularni mahalliylashtirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar hamkorlikning birinchi bosqichi sifatida O‘zbekiston bozori uchun gepatit C virusiga qarshi Daclatasvir va Sofosbuvir preparatlarini ishlab chiqarishni boshlashga kelishib oldi. Loyiha doirasida ishlab chiqarish texnologiyalarini bosqichma-bosqich O‘zbekistonga o‘tkazish, misrlik mutaxassislarni jalb etish, mahalliy kadrlarni tayyorlash va ishlab chiqarish quvvatlarini moslashtirish rejalashtirilgan.
Shuningdek, uchrashuvda mingdan ortiq turdagi dori vositalarini mahalliylashtirish imkoniyati ham muhokama qilindi. Bundan tashqari, O‘zbekistonda insulin ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish istiqbollari ham ko‘rib chiqildi.
Qayd etilishicha, bunday hamkorlik milliy farmatsevtika sanoatini rivojlantirish, importga qaramlikni kamaytirish hamda ikki davlat o‘rtasidagi sanoat kooperatsiyasini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Mutaxassislar fikricha, bu kabi loyihalar aholini sifatli va hamyonbop dori vositalari bilan ta’minlash, shuningdek, O‘zbekistonning mintaqaviy farmatsevtika markaziga aylanishi yo‘lidagi muhim qadam bo‘lishi mumkin.