O‘zbekiston va Qozog‘iston delegatsiyalari 21-avgust kuni atom elektr stansiyalari qurilishi, shuningdek, yadroviy, radiatsiyaviy va ekologik xavfsizlik masalalarini muhokama qildi. Uchrashuv yakunida tomonlar birgalikda chora-tadbirlar ko‘rish va yo‘l xaritasi ishlab chiqishga kelishib oldi. Bu haqda “O‘zatom” agentligi xabar berdi.

Nm

Ayni paytda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘zining birinchi AES qurish loyihalarini amalga oshirmoqda. Uchrashuvda O‘zbekiston tomoni loyihalash, qidiruv va tayyorgarlik ishlari haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, atom va radiatsiya xavfsizligini ta’minlash hamda atrof-muhit monitoringi bo‘yicha qo‘llanilayotgan usullar taqdim etildi.

“O‘zatom” agentligi direktori Azim Ahmadxo‘jayevning ta’kidlashicha, xavfsizlik O‘zbekiston milliy atom dasturining ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi.

“Biz milliy qonunchilik va xalqaro standartlarga muvofiq yadroviy, radiatsiyaviy va ekologik xavfsizlik tizimini izchil yo‘lga qo‘ymoqdamiz. Qo‘shni davlatlar, avvalo, Qozog‘iston bilan ochiq muloqot o‘zaro ishonchni mustahkamlaydi va loyihani amalga oshirishning barcha bosqichlarida mintaqaviy xususiyatlarni hisobga olish imkonini beradi”, dedi u.

Qozog‘iston tomoni loyihaning texnik va ekologik jihatlari bo‘yicha savollar berdi. O‘zbekiston Energetika, Ekologiya va Favqulodda vaziyatlar vazirliklari vakillari ularga javob berdi.

Tomonlar atom energetikasi sohasi uchun kadrlar tayyorlash masalasini ham alohida muhokama qildi.

Qozog‘iston Ekologiya va tabiiy resurslar vaziri o‘rinbosari Mansur Oshurboyev mamlakat atom energetikasining mintaqada barqaror va xavfsiz rivojlanishidan manfaatdor ekanini ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha tajriba almashish, yondashuvlarning shaffofligi va hamkorlikdagi ishlar ikki davlat hamda butun Markaziy Osiyo aholisi manfaatlariga xizmat qiladi.

Atom sohasi uchun mutaxassislar tayyorlanadi

Uchrashuvda O‘zbekiston tomoni Markaziy Osiyo mamlakatlari mutaxassislari uchun ta’lim va amaliy tayyorgarlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflarni ham taqdim etdi.

Ular orasida zamonaviy laboratoriyalar negizida trenajyor mashg‘ulotlarini tashkil etish, XAEA tavsiyalariga muvofiq milliy yadro infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha ekspert maslahatlarini yo‘lga qo‘yish hamda yagona akademik mobillik platformasini yaratish bor.

Shuningdek, O‘zbekistonda AES qurish va undan foydalanish tajribasiga asoslangan “bilimlar bazasi”ni birlashtiruvchi ixtisoslashtirilgan markaz konsepsiyasi taqdim etildi.

Markazning ustuvor yo‘nalishlari yadroviy va radiatsiyaviy xavfsizlik madaniyatini mustahkamlash, me’yoriy-huquqiy bazani takomillashtirish hamda tinch atom energetikasining ijtimoiy maqbulligini oshirishdan iborat bo‘ladi. Bunda Nuclear Knowledge Platform va Nuclear Energy Modelling Hub kabi raqamli platformalardan foydalanish ko‘zda tutilmoqda.