Alisher Qayumov O‘zbekistonning Yangi Zelandiyadagi birinchi elchisi etib tayinlandi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.

1-aprel kuni Vellington shahridagi Government House qarorgohida bo‘lib o‘tgan tantanali marosimda u Yangi Zelandiyada o‘rindoshlik asosida elchi sifatida Sindi Kiroga ishonch yorliqlarini topshirdi.
Marosim davomida O‘zbekiston elchisi Yangi Zelandiyaning maori tub aholisiga xos qadimiy an’analar asosida tantanali ravishda kutib olindi.
Rasmiy uchrashuv va undan keyingi suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Yangi Zelandiya o‘rtasidagi so‘nggi yillarda rivojlanib borayotgan aloqalarning bugungi holati hamda istiqbollari muhokama qilindi. Xususan, siyosiy, savdo-iqtisodiy, ilm-fan va ta’lim sohalaridagi hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ma’lumot uchun, ikki davlat o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar 1992-yil 11-martda o‘rnatilgan. Alisher Qayumov 2024-yil mart oyidan buyon O‘zbekistonning Singapurdagi elchisi sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. Avvalroq, 2017-yildan boshlab Germaniyadagi elchixonada maslahatchi lavozimida ishlagan.