O‘zbekiston Yevropa soliq ma’muriyatlari tashkilotiga assotsiatsiyalashgan a’zo sifatida qabul qilindi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.

Muuk

Ma’lum qilinishicha, 16–18 iyun kunlari Budapesht shahrida o‘tkazilayotgan tashkilot Bosh assambleyasi doirasida O‘zbekiston Soliq qo‘mitasining IOTAga qo‘shilish haqidagi arizasi ko‘rib chiqilgan.

Yalpi majlisda Soliq qo‘mitasi raisi Farrux Po‘latov so‘zga chiqib, mamlakatda amalga oshirilayotgan soliq islohotlari va tizimni raqamlashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot bergan.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekistonda raqamli xizmatlar, ma’lumotlar tahlili, tavakkalchilikka asoslangan nazorat hamda soliq majburiyatlariga ixtiyoriy rioya etishni rag‘batlantirishga qaratilgan zamonaviy soliq tizimi shakllantirilmoqda.

Shuningdek, elektron hisobvaraq-fakturalar, onlayn-kassa tizimi, tovarlarni raqamli markirovkalash, avtomatlashtirilgan risk-tahlil va soliqlarni proaktiv hisoblash mexanizmlarini joriy etishga alohida e’tibor qaratilgani qayd etildi.

Yopiq ovoz berish yakunlariga ko‘ra, Bosh assambleya O‘zbekistonning arizasini qo‘llab-quvvatladi va mamlakat IOTAga assotsiatsiyalashgan a’zo sifatida qabul qilindi.

Qayd etilishicha, ushbu maqom O‘zbekistonga Yevropa davlatlari soliq ma’muriyatlari bilan hamkorlikni kengaytirish, raqamlashtirish, risklarni boshqarish va soliq ma’murchiligi bo‘yicha ilg‘or tajribalarni o‘rganish imkonini beradi. Shu bilan birga, mamlakat o‘zining soliq tizimini modernizatsiya qilish hamda raqamli transformatsiya sohasidagi tajribasini xalqaro maydonda taqdim etishi mumkin bo‘ladi.

Bosh assambleya doirasida soliq ma’muriyatchiligida sun’iy intellektdan foydalanish, komplayens vositalarini rivojlantirish, risklarni boshqarish hamda 2030-yilgacha bo‘lgan soliq tizimlarining istiqboldagi modellari yuzasidan ham muhokamalar o‘tkazilmoqda.