Qozog‘istonning Shymkent shahrida o‘tkazilgan Digital Qazaqstan-2026 xalqaro forumida O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov mamlakatdagi raqamli transformatsiya natijalari haqida ma’lumot berdi.

Uning ta’kidlashicha, so‘nggi to‘qqiz yil ichida O‘zbekistonda raqamli tengsizlik deyarli bartaraf etilib, internet qamrovi keskin oshgan. Xususan, keng polosali internet qamrovi 41 foizdan 99,5 foizga yetgan, tarmoq o‘tkazuvchanligi esa 40 barobarga oshgan.
Bosh vazirga ko‘ra, endilikda asosiy e’tibor borish qiyin bo‘lgan hududlarni qamrab olishga qaratilgan. Shu maqsadda joriy yilda sun’iy yo‘ldosh internetini sinovdan o‘tkazish rejalashtirilgan, operatorlar uchun esa soliq imtiyozlari paketi ishlab chiqilgan.
Data-markaz va sun’iy intellekt infratuzilmasi
Aripov davlat boshqaruvida raqamlashtirish orqali sezilarli iqtisodiy samaraga erishilganini qayd etdi. Jumladan, elektron hukumat tizimlarini yagona data-markazga birlashtirish byudjet xarajatlarini 30 foizga qisqartirgan.
Shu asosda yirik hisoblash klasterini ishga tushirish arafasida ekani ma’lum qilindi. Bu esa milliy sun’iy intellekt infratuzilmasini shakllantirish va loyihalarni sanoat darajasiga olib chiqish imkonini beradi.
Real sektorda “aqlli” yechimlar
O‘zbekistonda sun’iy intellekt texnologiyalari real sektor iqtisodiyotiga ham faol joriy etilmoqda. Xususan, Olmaliq KMKning 3-mis boyitish fabrikasida 60 dan ortiq tizim va 20 ming datchikni birlashtirgan raqamli tizim ishga tushirilgan. Bu ishlab chiqarish jarayonlarini real vaqt rejimida tahlil qilish imkonini bermoqda.
Bundan tashqari, mamlakatda 100 ta ustuvor sun’iy intellekt loyihasi ustida ish olib borilmoqda. Sun’iy intellekt alyansi tashkil etilgan bo‘lib, 19 ta ilmiy-o‘quv laboratoriyasini ochish rejalashtirilgan.
Startap ekotizimi keskin o‘sdi
Hukumat rahbari O‘zbekistonda texnologik tadbirkorlik ham jadal rivojlanayotganini ta’kidladi. Bugungi kunda mamlakatda 800 ta startap faoliyat yuritmoqda, ularning 60 tasi eksportga chiqqan.
Venchur fondlar kapitali qariyb 350 million dollarga yetgan, startap ekotizimining umumiy qiymati esa 4 milliard dollarga baholanmoqda. Taqqoslash uchun, 10 yil avval bu ko‘rsatkich 1 million dollardan oshmagan.
Yakunda Aripov Jahon banki bahosiga ko‘ra, O‘zbekiston davlat boshqaruvining raqamli yetukligi bo‘yicha dunyoda 9-o‘rinni egallaganini ma’lum qildi.