O‘zbekistonda 2027-yildan boshlab 6 yoshli bolalar bir yillik majburiy maktabga tayyorlov bilan 100 foiz qamrab olinadi. Bu prezident farmonida belgilandi.

Shavkat Mirziyoyev 10-noyabr kuni “Inson qadrini yuksaltirishga qaratilgan milliy dasturlarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Hujjat bilan 7 ta milliy dastur va ularni 2027–2031-yillarda amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.
Farmonga ko‘ra, 2026-yil dekabrgacha hududlarda 6 yoshli bolalar uchun tayyorlov guruhlariga bo‘lgan ehtiyoj, zarur pedagoglar va jihozlarga talab aniqlanadi. Bepul tayyorlov guruhlari tashkil etiladigan xonalar 2027–2028-yillarda mebel va boshqa zarur jihozlar bilan ta’minlanadi.
Shuningdek, 2026-yildan boshlab har yili kamida 100 ta bog‘cha qurish va rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan. Osiyo taraqqiyot banki ko‘magida Samarqand, Jizzax, Surxondaryo, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida davlat-xususiy sheriklik asosida 500 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti tashkil etiladi.
Xususiy bog‘chalarni qo‘llab-quvvatlash ham davom ettiriladi. 2027-yil aprelgacha xususiy bog‘chalarga yer ajratish va imtiyozli kredit liniyalarini ishga tushirishni nazarda tutuvchi hujjat ishlab chiqiladi.
Nodavlat bog‘chalardagi tarbiyachilar uchun “Tarbiyachi” nomli ta’limni boshqarish platformasi yaratiladi. Unda pedagogik metodikalar bo‘yicha videodarslar, uslubiy qo‘llanmalar, testlar va interfaol mashg‘ulotlar joylashtiriladi.
Shuningdek, budjet subsidiyalarini ta’lim sifatiga bog‘lab ajratish bo‘yicha yangi mexanizmlar joriy etiladi.