O‘zbekistonda AQSHning Amazon kompaniyasi tomonidan yaratilgan Amazon Leo sun’iy yo‘ldosh interneti xizmatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Sherzod Shermatov Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida ma’lum qildi.

Vazirning aytishicha, yaqin kunlarda sun’iy yo‘ldosh internetini O‘zbekistonda ishga tushirish bo‘yicha tegishli kelishuv imzolanishi kutilmoqda.
“Amazon’ning Low Earth Orbit (LEO) interneti sifat, raqobat va ayrim parametrlar bo‘yicha Starlink’dan ham ustun bo‘lishi mumkin. Shu hafta kelishuvni imzolashni rejalashtiryapmiz. Shundan so‘ng Amazon Leo terminallaridan O‘zbekiston hududida foydalanish imkoniyati yaratiladi. Bu uzoq, tog‘li va cho‘l hududlarini ham yuqori tezlikdagi internet bilan qamrab olish imkonini beradi”, dedi Shermatov.
Uning ta’kidlashicha, loyiha amalga oshirilgach, chekka hududlarda ham barqaror va sifatli internet xizmatlaridan foydalanish imkoniyati kengayadi.
Raqamli texnologiyalar vaziri Amazon Leo tizimi O‘zbekistonda 2026-yil davomida ishga tushirilishi mumkinligini bildirdi.