Shavkat Mirziyoyev ilmiy kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish va ilmiy faoliyat samaradorligini oshirishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Unda ayrim yo‘nalishlardagi doktorantlar stipendiyasini 1,7 barobarga oshirish taklif qilindi.

Ma’lum qilinishicha, mamlakatning uzoq muddatli ilmiy-texnologik rivojlanishi uchun ustuvor hisoblangan sohalarda ilmiy kadrlarni qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda. Gap sun’iy intellekt, qayta tiklanuvchi energiya, oziq-ovqat xavfsizligi, tibbiyot, suv resurslari, yangi materiallar hamda seysmologiya kabi yo‘nalishlar haqida bormoqda.

Taqdimotda aynan shu ustuvor yo‘nalishlarda faoliyat yuritayotgan doktorantlar stipendiyasini 1,7 barobarga oshirish nazarda tutilayotgani qayd etildi. Shuningdek, ilmiy tadqiqotlarda zarur bo‘ladigan asbob-uskunalar va reagentlar xaridi uchun har yili qo‘shimcha mablag‘ ajratish ham rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, ilmiy rahbarlar mas’uliyatini kuchaytirish va ularni rag‘batlantirishning yangi mexanizmini joriy etish taklif qilindi. Unga ko‘ra, muvaffaqiyatli himoya qilingan dissertatsiyalar bo‘yicha ilmiy rahbarlarning xalqaro ilmiy faolligi hisobga olinib, natijaga yo‘naltirilgan rag‘batlantirish tizimi qo‘llanadi.

Taqdimotda Oliy attestatsiya komissiyasi faoliyatini ham tubdan takomillashtirish masalalari muhokama qilindi. Xususan, ilmiy daraja berish jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish orqali ortiqcha byurokratik tartiblarni qisqartirish rejalashtirilmoqda.

Qayd etilishicha, dissertatsiya himoyasi jarayonidagi mavjud tartib-taomillarning qariyb 50 foizi raqamlashtirish hisobidan qisqartiriladi. Shu bilan birga, ko‘p sonli hujjatlarni chop etish, avtoreferatlarni katta hajmda tayyorlash va dissertatsiyalarni takroran muhokama qilish bilan bog‘liq ayrim talablarni bekor qilish taklif etilgan.

Prezident taqdim etilgan takliflarni puxta ishlab chiqish, ilmiy kadrlar tayyorlash tizimini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish hamda ilmiy tadqiqotlar sifatini oshirish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.