O‘zbekistonda pedagoglarga mamlakat bo‘ylab sayohat qilish uchun samolyot va poyezd chiptalariga chegirma berilishi kutilmoqda. Bu nazarda tutilgan hukumat qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi.
Loyihaga ko‘ra, 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab ayrim toifadagi pedagoglarga O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilish uchun avia va temiryo‘l chiptalariga yiliga bir marta chegirma berish tartibini doimiy asosda joriy etish taklif qilinmoqda.
Imtiyoz quyidagi pedagoglarga tatbiq etilishi rejalashtirilgan:
— respublika reytingida top-100 talikka kirgan umumta’lim va maktabgacha ta’lim tashkilotlari pedagoglari;
— top-20 talikka kirgan texnikumlar pedagoglari;
— top-10 talikka kirgan oliy ta’lim muassasalari pedagoglari.
Qaror loyihasiga ko‘ra, samolyot va poyezdlarning (yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdlar bundan mustasno) ekonom klass hamda plaskart yoki kupe vagonlari chipta narxining tarif qismiga 15 foiz chegirma beriladi. Bunda sayohat boshqa yo‘nalishlarga o‘tkazishsiz, to‘g‘ridan to‘g‘ri borish va qaytish shaklida amalga oshirilishi belgilangan.
Shuningdek, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan O‘zbekiston temir yo‘llari va Uzbekistan Airways’ga reytingga kirgan ta’lim muassasalari haqidagi ma’lumotlar muntazam taqdim etib boriladi.
Ta’lim muassasalari rahbarlari esa O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilish istagini bildirgan pedagoglarga ish joyi va lavozimi ko‘rsatilgan ma’lumotnoma beradi.
Loyiha matnida qayd etilishicha, mazkur tashabbus jamiyatda bog‘cha tarbiyachilari, maktab o‘qituvchilari va oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining nufuzini oshirish, ularning mashaqqatli mehnatini moddiy va ma’naviy rag‘batlantirishga qaratilgan.
Shuningdek, ushbu imtiyoz ta’lim muassasalari o‘rtasida sog‘lom raqobatni kuchaytirish hamda pedagoglarni o‘z ustida ko‘proq ishlashga rag‘batlantirishi ta’kidlangan.