O‘zbekiston hukumatining 2025-yil 27-sentyabrdagi qarori bilan “Dramaturglar uchun Mahmudxo‘ja Behbudiy nomidagi mukofot to‘g‘risida” hamda “Yosh rejissyorlar uchun Bahodir Yo‘ldoshev nomidagi mukofot to‘g‘risida”gi nizomlar tasdiqlandi.

Nizomlarga muvofiq, mukofot g‘oliblarini aniqlash maqsadida har ikki yilda bir marta tanlov o‘tkaziladi. Mukofotlar bilan rejissura va dramaturgiya sohalarida faol ijod qilayotgan ijodkorlar teatrlar repertuarini dolzarb mavzudagi asarlar bilan boyitishga qo‘shgan salmoqli hissasi uchun taqdirlanadi.

G‘oliblarga:

  • mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 50 barobari (63,5 million so‘m) miqdorida bir martalik pul mukofoti,
  • diplom hamda statuetka topshiriladi.

Ijodkorlarni mukofotlar bilan taqdirlash bo‘yicha takliflar tegishli tashkilotlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligiga taqdim etiladi. Vazirlik ushbu takliflarni ko‘rib chiqib, tanlov o‘tkaziladigan yilning 1-fevraligacha maxsus komissiyaga taqdim etadi. Komissiya esa 1-martgacha hujjatlarni ko‘rib chiqib, har bir mukofot bo‘yicha eng munosib bitta nomzodni belgilaydi.

Mukofotlar har yili 27-mart – Xalqaro teatr kuni arafasida O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri yoki uning o‘rinbosari tomonidan tantanali tarzda topshiriladi.