2026-yilning birinchi choragida O‘zbekistonda faol rezyumelar soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 31,5 foizga oshib, 636 mingtaga yetdi. Bu haqda Markaziy bank mehnat bozori bo‘yicha tahlilida ma’lum qildi.

Ml

Regulyatorga ko‘ra, ish qidirayotganlar sonining tez o‘sishi mehnat bozoridagi raqobatni kuchaytirgan. Shu bilan birga, ishchi kuchiga talab yuqoriligi ish haqlarining o‘sishiga ham ta’sir ko‘rsatmoqda.

Markaziy bank so‘nggi choraklarda iqtisodiyotda bandlikning barqaror kengayishi kuzatilganini qayd etdi. Bandlik o‘sishining asosiy qismi xizmatlar sohasi hisobiga to‘g‘ri kelgan. Xususan, moliyaviy va sug‘urta faoliyati, professional va texnik xizmatlar hamda ma’muriy va yordamchi xizmatlar yo‘nalishlarida ish o‘rinlari ko‘paygan.

Shuningdek, sanoat va savdo sohalarida ham bandlik barqaror o‘sgan. Bunda asosiy ulush xususiy sektor hissasiga to‘g‘ri kelgan. Qishloq xo‘jaligida bandlikning qisqarishi esa mehnat resurslarining boshqa tarmoqlarga o‘tishi bilan izohlangan.

Bo‘sh ish o‘rinlari mart oyida ko‘paygan

Tahlilga ko‘ra, 2026-yilning birinchi choragida vakansiyalar soni yanvar va fevral oylarida mos ravishda 4,5 va 6,5 foizga kamaygan. Biroq mart oyida vaziyat tiklanib, 15,4 mingta bo‘sh ish o‘rni e’lon qilingan. Bu 2025-yilning mos davriga nisbatan 9,8 foizga ko‘p.

Ishchi kuchiga eng yuqori talab xizmatlar sohasi va chakana savdoda saqlanib qolmoqda. Qurilish, umumiy ovqatlanish hamda ishlab chiqarish tarmoqlarida ham ishchilarga ehtiyoj oshgani qayd etilgan.

Markaziy bankning ta’kidlashicha, bo‘sh ish o‘rinlari soni o‘sayotgan bo‘lsa-da, ishchi kuchi taklifining o‘sish sur’atlari hali ham mehnatga bo‘lgan talabdan yuqori.

Ishsizlik 4,8 foizni tashkil etgan

Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, 2025-yil yakunida O‘zbekistonda ishsizlik darajasi 4,8 foiz bo‘lgan.

2026-yilning birinchi choragida o‘tkazilgan so‘rovlar ham korxonalarda yangi xodimlarni ishga qabul qilish bo‘yicha kutilmalar ijobiyligicha qolayotganini ko‘rsatgan. Ayniqsa, xizmatlar va savdo sohalarida bandlikning oshishi kutilmoqda.

O‘rtacha ish haqi real hisobda 9,5 foizga oshgan

Regulyator tahliliga ko‘ra, ish haqining eng yuqori o‘sish sur’atlari moliyaviy va sug‘urta faoliyati, transport xizmatlari hamda boshqa xizmat ko‘rsatish sohalarida qayd etilgan.

2026-yilning birinchi choragida O‘zbekistonda o‘rtacha ish haqining nominal o‘sishi 17,4 foizni, real o‘sishi esa 9,5 foizni tashkil qilgan.

Rossiyaga ketayotgan mehnat migrantlari kamaygan

Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilning yanvar–mart oylarida xorijga chiqqan O‘zbekiston fuqarolari soni 1,63 million nafarga yetgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 11,6 foizga ko‘p.

Shu bilan birga, Rossiyada patent asosida ishlayotgan o‘zbekistonliklar soni 1,34 million nafarni tashkil etib, o‘tgan chorakka nisbatan 8,8 foizga, 2025-yilning mos davriga nisbatan esa 1,8 foizga kamaygan.

Markaziy bank bu holatni mavsumiy omillar hamda tashqi mehnat bozori sharoitlaridagi o‘zgarishlar bilan izohladi. Qayd etilishicha, o‘zbekistonliklar orasida ishlash uchun boshqa davlatlarni tanlash holatlari ham ortmoqda. Xususan, birinchi chorakda Turkiyada ishlash uchun rasmiy ruxsatnoma olganlar soni 70 ming nafarga yetib, bir yil ichida 14 foizga oshgan. Janubiy Koreyada bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari soni esa 99,6 ming nafarga yetgan.