O‘zbekistonda ilk kosmonavtni aniqlash maqsadida umumxalq tanlovini o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Bu haqda O‘zbekkosmos agentligi direktori o‘rinbosari Muhiddin Ibrohimov ma’lum qildi, deb yozmoqda Spot.

Ks

Qayd etilishicha, hozirda dunyoda ikkita kosmik stansiya faoliyat yuritmoqda — Xalqaro kosmik stansiya (MKS) va Tyangun orbital stansiyasi. Kosmonavtlarni fazoga uchirish texnologiyasiga esa AQSH, Rossiya va Xitoy ega.

Ma’lum qilinishicha, “O‘zbekkosmos” mahalliy va xorijiy hamkorlar bilan birgalikda 1–2 yil ichida ilmiy dastur ishlab chiqishni rejalashtirmoqda. Unda kosmosda tibbiyot, biologiya, o‘simliklar genetikasi va materialshunoslik yo‘nalishlarida tadqiqotlar o‘tkazish ko‘zda tutilgan.

Kosmonavtlikka nomzodlar uchun bir qator talablar belgilangan. Xususan, ular oliy ma’lumotli bo‘lishi, yoshi 27–40 oralig‘ida, bo‘yi 160–190 sm, vazni 50–95 kg bo‘lishi, shuningdek, xorijiy tillarni bilishi kerak. MKS uchun rus va ingliz, “Tyangun” uchun esa xitoy va ingliz tillari talab etiladi.

Tanlov bir necha bosqichda o‘tkaziladi. Nomzodlar tibbiy, psixologik va jismoniy sinovlardan o‘tadi. Keyin saralanganlar xorijda qo‘shimcha testlardan o‘tkazilib, yakunda 3–4 nafar nomzod qoldiriladi. Ular orasidan yakuniy nomzod prezident bilan maslahatlashuvdan so‘ng tanlanadi.

Shundan so‘ng nomzodlar 10–12 oy davomida parvozga tayyorgarlikdan o‘tadi. MKS uchun tayyorgarlik AQSH, Yaponiya va Germaniyada, Xitoy stansiyasi uchun esa Pekinda tashkil etiladi. Parvozdan oldin 1–2 oylik karantin joriy etiladi, kosmik parvoz esa 10–14 kun davom etadi.

Qayd etilishicha, prezident topshirig‘i bilan hukumat komissiyasi tuzilgan bo‘lib, unda moliyalashtirish manbalari, xalqaro hamkorlarni tanlash, tanlovni tashkil etish va ilmiy dastur ishlab chiqish masalalari ko‘rib chiqilmoqda.