“O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi. Hujjat Fanlar akademiyasi faoliyatini zamonaviy talablar asosida rivojlantirish va ilm-fan natijadorligini oshirishga qaratilgan.
Qarorga muvofiq, quyidagi ustuvor maqsadlarni amalga oshirish belgilandi:
- yangi ilmiy ishlanmalar soni hamda ularni tijoratlashtirishdan olinadigan mablag‘lar hajmini 3 baravarga oshirish;
- ilmiy xodimlar tarkibida yoshlar ulushini 60 foizgacha yetkazish;
- xorijiy mamlakatlarda faoliyat yuritayotgan ilmiy diasporani O‘zbekiston ilm-faniga reintegratsiya qilish.
Fanlar akademiyasi yangi ishlanmalarini tijoratlashtirish tizimini tubdan takomillashtirish maqsadida Fan va sanoat integratsiyasi kengashi tashkil etiladi. Ushbu tuzilma ilmiy natijalarni ishlab chiqarish va iqtisodiyotga keng joriy etishga xizmat qiladi.
2026-yildan boshlab ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasidagi barcha ilmiy loyihalar sifatini oshirish maqsadida ularni ilmiy ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha ilmiy-texnik kengashlar tarkibiga Fanlar akademiyasi taklifiga asosan hamrais nomzodi kiritiladi.
Shuningdek, 2026-yil 1-apreldan Fanlar akademiyasi tizimidagi ilmiy muassasalarda xorijiy ekspertlar ishtirokida ilmiy xodimlar faoliyatining asosiy samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) hamda ilmiy muassasalar faoliyatini baholash bo‘yicha reyting tizimi joriy etiladi.
2026-yil 1-yanvardan esa ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash, yosh olimlarni ilm-fanga jalb etish va strategik ahamiyatga ega ilmiy yo‘nalishlarni barqaror moliyalashtirish maqsadida Fanlar akademiyasi jamg‘armasi tashkil etilishi belgilandi.
Mazkur qaror mamlakat ilm-fanini rivojlantirish, ilmiy salohiyatni kuchaytirish hamda ilmiy ishlanmalarni amaliyotga keng joriy etishda muhim ahamiyat kasb etadi.