Adliya vazirligi ma’lum qilishicha, O‘zbekistonda IT viza berish tartibiga yangi talablar kiritildi. Tegishli o‘zgartirishlar “Axborot texnologiyalari sohasidagi xorijiy investorlar va mutaxassislarga tavsiya berish tartibi to‘g‘risida”gi nizomga kiritilib, 2026-yil 7-mart kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.

Yangi tartibga ko‘ra, IT viza Axborot texnologiyalari sohasidagi xorijiy investorlar va mutaxassislarga beriladi. Shuningdek, Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki rezidentlarining ta’sischilari (ishtirokchilari), ularning yakka tartibdagi ijro etuvchi organi rahbarlari, kollegial ijro etuvchi organ raisi hamda ularning o‘rinbosarlari ham ushbu vizani olish huquqiga ega bo‘ladi.
Bundan tashqari, raqamli startaplar dasturi ishtirokchilari bo‘lgan startap loyihalari ta’sischilari va mutaxassislari, shuningdek oliy ta’lim muassasalarida axborot texnologiyalari yo‘nalishida PhD yoki DsC ilmiy darajasiga ega xorijlik professor-o‘qituvchilar ham IT viza olishi mumkin.
Hujjatga muvofiq, viza olish uchun moliyaviy talablar ham joriy etilgan. Jumladan, xorijiy investor O‘zbekistonda IT sohasida faoliyat yurituvchi yuridik shaxsni kamida 30 ming dollar miqdorida moliyalashtirishi yoki kompaniyaning ustav fondida kamida 30 ming dollar ulushga ega bo‘lishi lozim.
Shuningdek, texnopark rezidentlari ta’sischilari uchun ham yuridik shaxs ustav fondidagi ulush kamida 30 ming dollar bo‘lishi shart qilib belgilangan.