O‘zbekistonda 2026-yil 1-iyuldan 2028-yil 1-yanvargacha Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan kasbiy ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan subsidiyalar ajratiladi. Bu prezidentning 5-fevraldagi qarorida belgilandi.

Hujjatga ko‘ra, o‘qituvchilar hamda ishlab chiqarish ta’limi ustalariga xalqaro miqyosda tan olingan kasbiy sertifikatlar, shuningdek, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tasdiqlaydigan ro‘yxat asosidagi milliy sertifikatlarni olish uchun sarflangan mablag‘ning 50 foizi qoplab beriladi. Bunda subsidiya miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravaridan oshmaydi.

Shuningdek, malakani baholash markazlarini tashkil etgan tadbirkorlik subyektlariga xarid qilingan baholash vositalari xarajatlarining 30 foizi subsidiya qilinadi. To‘lov bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravaridan ortiq bo‘lmaydi.

2026-yil 1-iyuldan boshlab bosqichma-bosqich vaucher tizimida ishtirok etadigan ta’lim tashkilotlari o‘qituvchilari va ustalari uchun mutaxassisligi bo‘yicha diplom yoki malaka pasporti (sertifikat)ga ega bo‘lish talabi joriy etiladi. Ushbu sertifikatlar malakani baholash markazlari tomonidan beriladi.

Qarorda, shuningdek, aholi bandligini oshirish va mehnat munosabatlarini isloh qilish doirasida Jahon bankining 100 mln dollar miqdoridagi qarz mablag‘ini jalb etish bo‘yicha taklif kiritish ko‘zda tutilgan. 2026-yilda 1 million norasmiy ish o‘rinini legallashtirish bo‘yicha mas’ul vazirlik va idoralar hamda maqsadli ko‘rsatkichlar tasdiqlandi.

Belgilangan tartibga ko‘ra, hokim yordamchilari tomonidan aniqlangan norasmiy bandlik holatlari yuzasidan ish beruvchilarga “Yagona milliy mehnat tizimi” orqali ogohlantirish yuboriladi. Agar qonunbuzilish uch ish kuni ichida bartaraf etilmasa, Davlat mehnat inspeksiyasi tekshiruv o‘tkazadi. Shu bilan birga, bir oy ichida xodimlar bilan mehnat shartnomasi rasmiylashtirilib, hisoblangan ish haqi to‘liq to‘lansa, ish beruvchilar ma’muriy javobgarlikdan ozod etiladi.

Bundan tashqari, 2026-yil 1-martdan tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingini aniqlashda tasdiqlangan norasmiy bandlik holatlari hamda xodimlarga eng kam ish haqidan past maosh hisoblash qo‘shimcha salbiy mezon sifatida inobatga olinadi.