Prezidentning 3-noyabrdagi farmoni bilan adabiyot, madaniyat, san’at, ilm-fan, ta’lim va raqamli texnologiyalar sohalarida yuksak natijalarga erishayotgan mahalliy va xorijiy ijodkor hamda ziyolilarni rag‘batlantirish maqsadida “Kelajak merosi” xalqaro mukofoti ta’sis etildi.

Mazkur mukofot uchun tanlovlar 2025-yildan boshlab har yili quyidagi yo‘nalishlarda o‘tkaziladi:
— adabiyot;
— madaniy meros;
— teatr va kino;
— musiqa va raqs;
— tasviriy va amaliy san’at;
— moda va dizayn;
— ilm-fan, ta’lim va raqamli texnologiyalar.
Har bir yo‘nalish bo‘yicha g‘oliblar statuetka, diplom hamda 10 ming dollar miqdoridagi bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
Farmonga ko‘ra, “Kelajak merosi” xalqaro mukofoti kengashi tuziladi va uning ishchi organi sifatida Madaniyat vazirligi belgilandi.
Shuningdek, Tashqi ishlar vazirligi mukofotni xorijda targ‘ib qilish, chet ellik g‘oliblarni O‘zbekistonga taklif etish hamda zarur hollarda ularning kirish vizalarini “Toshkent” va “Samarqand” xalqaro aeroportlarida rasmiylashtirishni ta’minlaydi.