O‘zbekistonda integratsiyalashgan atom elektr stansiyasi tarkibidagi dastlabki ikkita kichik reaktor qurilishi qiymati qariyb 1 milliard dollarni tashkil etadi. Bu haqda Suhrob Abdurahmonov ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Gazeta.uz.

Mazkur ma’lumot 20–22-aprel kunlari Toshkentda o‘tayotgan Innoprom. Markaziy Osiyo xalqaro sanoat ko‘rgazmasi doirasida e’lon qilingan. Tadbir O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Rossiya Sanoat va savdo vazirligi hamkorligida tashkil etilgan.
Abdurahmonovning ta’kidlashicha, loyiha hozircha boshlang‘ich bosqichda bo‘lsa-da, katta hajmda yuqori sifatli mahsulotlar va zamonaviy texnologiyalarni talab etadi. Bu esa mahalliy sanoat tarmoqlarida yangi standartlarning shakllanishiga olib keladi.
Xususan, elektrotexnika ishlab chiqaruvchilari, qurilish materiallari yetkazib beruvchilari va boshqa sohalar modernizatsiya qilinishi zarur bo‘ladi. Natijada ishlab chiqarish sifati yangi bosqichga chiqishi kutilmoqda.
Qayd etilishicha, Jizzax viloyatida AES qurilishi xizmat ko‘rsatish, transport-logistika va ijtimoiy infratuzilma yo‘nalishlarida ham keng ko‘lamli biznes faolligini yuzaga keltiradi. Bu esa minglab yangi ish o‘rinlari yaratilishi va kichik hamda o‘rta biznes uchun yangi imkoniyatlar ochilishiga xizmat qiladi.
Avvalroq, 2025-yil 25-sentyabr kuni o‘tkazilgan Global atom forumida O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev mamlakatda bir maydonda ikkita yirik va ikkita kichik reaktor qurilishi rejalashtirilayotganini ma’lum qilgandi.
Rasmiylarga ko‘ra, 2030-yilga borib O‘zbekistonda toza energetika ulushi 40 foizdan oshishi kutilmoqda va AES bu maqsadga muhim hissa qo‘shadi.
2026-yil 24-mart kuni qurilish maydonida dastlabki beton ishlari boshlangan. Shu kuni O‘zatom va Rosatom o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” hamda AES qurilishiga oid kelishuv imzolangan.
Loyiha doirasida 3+ avlodiga mansub VVER-1000 reaktorlariga ega ikkita yirik energoblok, shuningdek har biri 55 MVt quvvatga ega RITM-200N reaktorli ikkita kichik blok quriladi. AES to‘liq quvvatga chiqqach, yiliga qariyb 15,4 mlrd kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarib, mamlakatdagi umumiy iste’molning 15 foizdan ortig‘ini ta’minlashi kutilmoqda.