O‘zbekistonda kino san’atida ilmiy tahlil va professional tanqidchilikni rivojlantirish uchun “Kinoshunoslar klubi” tashkil etiladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev ma’lum qildi.

Vt

“O‘zbekfilm” milliy kinokompaniyasi klub faoliyatini qo‘llab-quvvatlaydi va uning Xalqaro kinotanqidchilar federatsiyasi (FIPRESCI)ga a’zo bo‘lishiga ko‘maklashadi. Bu milliy filmlarning nufuzli xalqaro festivallardagi ishtirokini kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Shuningdek, O‘zbekiston Kino arboblari va O‘zbekiston kino sanoati vakillari uyushmalari birlashtirilib, O‘zbekiston kino sohasi vakillari palatasi tashkil etiladi. Yangi tuzilma ijodkorlarning mualliflik huquqlari va kasbiy manfaatlarini himoya qilish, sohada o‘zini o‘zi boshqarishni rivojlantirish hamda yoshlarning kasbiy o‘sishiga ko‘maklashish bilan shug‘ullanadi.

Yosh kinoijodkorlarning xorijda malaka oshirishi va palata faoliyatini moliyaviy-tashkiliy jihatdan qo‘llab-quvvatlash ham nazarda tutilgan. Yangi palata faoliyatini tashkil etish ishlarini bir oy ichida yakunlash topshirilgan.

Prezident kinoijodkorlar uchun yana bir tashabbusni ham e’lon qildi. Unga ko‘ra, Quyi Chirchiq tumanidagi “Ko‘hinur” sihatgohi to‘liq kino sohasi vakillari ixtiyoriga beriladi. Yaqinda zamonaviy talablar asosida ta’mirlanib, jihozlangan maskanda ijodkorlarning dam olishi uchun sharoit yaratilgan.

Bundan tashqari, har yili kino sohasida faoliyat yuritadigan kamida 300 nafar xodimga mamlakatdagi sihatgohlarda dam olish va davolanish uchun bepul yo‘llanmalar beriladi.