23-iyul kuni O‘zbekistondagi davlat oliy va kasbiy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlari yakunlandi. O‘n kun davom etgan imtihonlarda 610 mingdan ortiq abituriyent ishtirok etdi. Bu haqda Bilim va malakalarni baholash agentligi ma’lum qildi.
Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, test sinovlarining so‘nggi — o‘ninchi kunida respublika bo‘yicha 45 mingdan ortiq abituriyent imtihon topshirgan. Shu kuni test sinovlari jarayonida tartib-qoidalarni buzgan abituriyentlar qayd etilmagan.
Umuman olganda, test sinovlarida qatnashishi belgilangan 664 ming 609 nafar abituriyentning 610 mingdan ortig‘i imtihonlarda ishtirok etgan. Imtihonlar davomida tartib-qoidalarni buzgan 70 nafardan ortiq abituriyent test sinovlaridan chetlashtirilgan.
Bilim va malakalarni baholash agentligi test sinovlarining 10-kun natijalari 24-iyul kuni e’lon qilinishini ma’lum qildi.
Shundan so‘ng, 25-iyuldan 8-avgustga qadar abituriyentlar qabulning ikkinchi bosqichida ishtirok etib, oliy ta’lim muassasasi, ta’lim yo‘nalishi, ta’lim shakli hamda ustuvorliklarini tanlashi mumkin bo‘ladi.
Yakuniy mandat natijalari esa ikkinchi bosqich tanlovlari yakunlanganidan so‘ng bir hafta ichida e’lon qilinadi.
Ma’lumot uchun, 2026-yilgi test sinovlari oldidan milliy yoki xalqaro sertifikatga ega 12 ming 997 nafar abituriyent test topshirishdan ozod etilib, bevosita tanlov bosqichiga o‘tkazilgan. Mazkur toifadagi abituriyentlarga “Abituriyent ruxsatnomasi” berilmagan.
Taqqoslash uchun, 2025-yilda ushbu imkoniyatdan 678 nafar abituriyent foydalangan.