O‘zbekistonda ko‘krak bezi saratonini erta bosqichlarda aniqlash imkonini beruvchi sun’iy intellektga asoslangan dastur yaratildi. Loyiha Toshkent axborot texnologiyalari universiteti professori Dildora Muhammadiyeva rahbarligidagi ilmiy jamoa tomonidan amalga oshirilmoqda.
Yangi tizim kasallikni klinik belgilar paydo bo‘lmasidan avval, ya’ni ko‘z ilg‘amas bosqichdayoq aniqlashga imkon beradi. Dastur halqasimon shakldagi o‘zgarishlar va ignasimon konturli tugunlarni aniqlay oladi.
Tizim sinov tariqasida 3 mingdan ortiq bemorning tibbiy tasvirlarida qo‘llanilib, natijalar real tashxislar bilan to‘liq mos kelgani tasdiqlandi. Bu holat dastur samaradorligini ko‘rsatmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ushbu texnologiya diagnostika jarayonini tezlashtiradi, tibbiy xatoliklarni kamaytiradi hamda turli hududlardan olingan tasvirlarni yagona platformada real vaqt rejimida tahlil qilish imkonini beradi.
Shuningdek, dastur xavf darajasini rangli shkala orqali (qizil, yashil, ko‘k) belgilab, shifokorlarga kasallik rivojlanish bosqichini tez va qulay aniqlashga yordam beradi.
Hozirda ilmiy jamoa tizimni yanada takomillashtirish va uni mamlakat bo‘ylab tibbiyot muassasalarida joriy etish ustida ish olib bormoqda.
Mazkur loyiha O‘zbekistonda onkologik kasalliklarni erta aniqlash yo‘lida raqamli tibbiyot sohasidagi muhim innovatsion qadam bo‘lib, ayollar salomatligini saqlashga xizmat qilishi kutilmoqda.