Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan kreativ iqtisodiyotni rivojlantirishga qaratilgan qaror qabul qilindi. Hujjatda mazkur sohani iqtisodiyotning muhim drayveriga aylantirish bo‘yicha o‘rta va uzoq muddatli maqsadlar belgilangan.

Qarorga ko‘ra, 2030-yilga qadar kreativ iqtisodiyotning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 5 foizga yetkazilishi rejalashtirilgan. Bu ko‘rsatkich pul ifodasida 145 trillion so‘mni tashkil etadi. Shuningdek, kreativ industriya mahsulotlari va xizmatlari eksporti hajmini 1 milliard dollarga oshirish maqsad qilingan.

Hujjatda sohada amalga oshiriladigan loyihalar hisobiga ish o‘rinlari sonini 500 mingtagacha yetkazish vazifasi ham belgilangan.

Ma’lum qilinishicha, 2026–2027-yillarda 1-bosqich doirasida Kreativ industriya parki infratuzilmasi davlat-xususiy sheriklik asosida rivojlantiriladi. Unda sayr qilish, dam olish va hordiq chiqarishga mo‘ljallangan yashil bog‘, art-obyektlar va monumental san’at asarlari joylashtirilgan hududlar, shuningdek, raqamli dizayn va dasturlash yo‘nalishida xalqaro maktab tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, buk-kafe, sport va workout maydonchalari, mehmonxona, badiiy ijodkorlar pavilyoni, kreativ ustaxonalar, ekologik ofis xonalari hamda kovorking markazlarini ochish rejalashtirilgan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda O‘zbekistonda yalpi ichki mahsulotning 3–7 foizi kreativ iqtisodiyot hissasiga to‘g‘ri keladi. Xususan, 2024-yilda ushbu sohaning YIMdagi ulushi 3,7 foizni yoki 56,8 trillion so‘mni tashkil etgan. Eksport hajmi 770,6 million dollarga yetgan, sohada esa 319 ming nafardan ortiq aholi band bo‘lgan.