O‘zbekistonda mahalla tizimini ilmiy asosda rivojlantirish maqsadida Mahallani rivojlantirish milliy instituti tashkil etiladi. Bu masala 22 iyun kuni prezident Shavkat Mirziyoyevga mahallalar faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha o‘tkazilgan taqdimotda muhokama qilindi.

Kuo

Taqdimotda qayd etilishicha, bugungi kunga qadar mamlakatda himoya qilingan qariyb 20 mingta ilmiy ishning atigi 10 tasida mahallaga oid ayrim masalalar tadqiq etilgan. Shu bois mahalla tizimidagi islohotlarni ilmiy jihatdan qo‘llab-quvvatlaydigan alohida institut tashkil etish taklifi ilgari surildi.

Ma’lum qilinishicha, yangi institut faoliyati katta ilmiy salohiyatga ega bo‘lgan Davlat boshqaruvi akademiyasi bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘yiladi. U mahalla tizimidagi islohotlarni ilmiy tahlil qilish, ilg‘or tajribalarni o‘rganish va ommalashtirish, shuningdek, mahallalardagi “yettilik” faoliyatini samarali tashkil etish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi.

Shuningdek, ushbu tizim orqali har yili 21 ming nafar mahalla tizimi xodimi va “yettilik” a’zolarining malakasini oshirish rejalashtirilgan.

Prezident taqdimot davomida Mahallani rivojlantirish milliy instituti faoliyatini yo‘lga qo‘yish, “Raqamli mahalla” platformasini to‘liq ishga tushirish hamda mahallalarning doimiy daromad manbalarini kengaytirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Mazkur institutni Mahallalar faoliyatini rag‘batlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan tashkil etish rejalari ilk bor 2026 yil yanvar oyida e’lon qilingan “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yiliga mo‘ljallangan islohotlar dasturi loyihasida ma’lum qilingan edi.

Loyihaga ko‘ra, institutda “Mahalla boshqaruvi”, “Hududiy rejalashtirish va rivojlanish”, “Liderlik va barqaror rivojlanish”, “Ijtimoiy loyihalarni boshqarish va muvofiqlashtirish” yo‘nalishlari bo‘yicha magistratura ta’limi yo‘lga qo‘yiladi.

Bundan tashqari, Mahallalar uyushmasi tomonidan institut faoliyatini tashkil etish uchun 5 milliard so‘m mablag‘ ajratish, shuningdek, institut va uning hududiy filiallarini zarur binolar bilan ta’minlash rejalashtirilgan.