Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilda ta’lim sohasini rivojlantirish, ta’lim sifati hamda pedagoglar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida jami 23 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi. Xususan, 3 ta Prezident farmoni, 5 ta Prezident qarori va 15 ta hukumat qarori tasdiqlandi.

Mkj

Mazkur hujjatlar ijrosi doirasida 59 ta yangi maktab ish boshladi. Natijada umumta’lim maktablari soni 10 193 taga, o‘quvchilar soni esa 6,5 million nafarga yetdi. 2025–2026-o‘quv yilida 726 231 nafar o‘quvchi 1-sinfga qabul qilindi, shundan 209 280 nafari onlayn shaklda ro‘yxatdan o‘tdi. Birinchi sinfga qabul qilingan barcha o‘quvchilar Prezident sovg‘alari bilan ta’minlandi. 2024–2025-o‘quv yilida 11-sinfni 433 503 nafar, 9-sinfni 633 952 nafar o‘quvchi tamomladi. 13 686 nafar bitiruvchi oltin va kumush medallar bilan taqdirlandi.

Maktabgacha ta’lim yo‘nalishida qamrov darajasi 78 foizga, 6 yoshli bolalar qamrovi esa 98 foizga yetdi. 13 hududda 135 ta yangi davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti foydalanishga topshirilib, 16 820 ta qo‘shimcha o‘rin yaratildi. Shuningdek, 60 ta o‘yin maydonchasi va 142 ta mobil guruh faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Joriy yilda Investitsiya dasturi va xalqaro mablag‘lar hisobidan 493 ta umumta’lim maktabi, 9 ta ixtisoslashtirilgan maktab hamda 330 ta maktabgacha ta’lim tashkilotida qurilish va ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Natijada umumta’lim muassasalarida qariyb 142 mingta yangi o‘quv o‘rni yaratildi.

Ta’lim muassasalari xodimlarini moddiy rag‘batlantirish maqsadida maktab direktor va direktor o‘rinbosarlarining bazaviy tarif stavkalari oshirildi, shuningdek, mukofot va ustama to‘lovlar miqdori ko‘paytirildi.

Xorijiy mutaxassislar ishtirokida chet tillarini o‘qitish ko‘lami kengaytirildi. Natijada 2025–2026-o‘quv yilida xorijiy til sertifikatiga ega bo‘lgan maktab o‘quvchilari soni 53 204 nafarga yetdi.

Inklyuziv ta’limni rivojlantirish doirasida 208 ta maktabgacha ta’lim tashkilotida tajriba-sinov guruhlari ochildi, qo‘shimcha 1 073 ta maktabda inklyuziv ta’lim joriy etildi. Shuningdek, o‘quvchilarning bilim va salohiyatini oshirish maqsadida maktabdan tashqari ta’lim, fan olimpiadalari hamda xalqaro musobaqalardagi ishtirok kengaytirildi.