Bugun, 1-iyun sanasidan boshlab O‘zbekistonda 2026/27-o‘quv yili uchun nodavlat oliy ta’lim muassasalariga qabul jarayonlari boshlandi.
Amaldagi tartibga ko‘ra, xususiy oliygohlarda qabul kampaniyasi har yili iyun—sentyabr oylarida o‘tkaziladi.
Qonunchilikka muvofiq, 2025-yil 1-avgustdan boshlab har bir nodavlat oliy ta’lim tashkiloti uchun qabul parametrlarining eng yuqori chegarasi belgilangan. Kvotalar oliygohlarning moddiy-texnik bazasi, professor-o‘qituvchilar salohiyati hamda o‘quv-uslubiy ta’minoti asosida tasdiqlanadi.
Shuningdek, maxsus davlat akkreditatsiyasidan o‘tmagan ta’lim dasturlari bo‘yicha talabalar qabul qilishga ruxsat berilmaydi. Talabalar faqat akkreditatsiyadan o‘tgan yo‘nalishlar bo‘yicha o‘qishga qabul qilinishi mumkin.
Qabul qilingan talabalar haqidagi ma’lumotlar esa har yili 1-oktyabrdan kechiktirmasdan HEMIS axborot tizimiga kiritilishi shart.
Nodavlat oliygohlarda talabalarni o‘qishga tiklash, o‘qishni ko‘chirish, chetlashtirish hamda yakuniy attestatsiyadan o‘tkazish tartibi davlat OTMlari uchun belgilangan talablar asosida amalga oshiriladi.
Avvalroq “Respublikada nodavlat ta’lim xizmatlari sifatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan edi. Unda qabul jarayonlarini yiliga ikki marotaba — 15-oktyabrgacha va 15-fevralgacha tashkil etish taklif qilingan.
Xususiy oliy ta’lim sektori jadal o‘smoqda
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda O‘zbekistonda jami 207 ta oliy ta’lim muassasasi faoliyat yuritmoqda. Shundan 101 tasi davlat, 74 tasi xususiy va 32 tasi xorijiy oliy ta’lim muassasalaridir.
Mamlakatdagi OTMlarda jami 1 million 617 ming nafar talaba tahsil olmoqda. Ularning 55 foizini ayollar tashkil etadi.
Bugungi kunda xususiy universitetlarda 620 ming 581 nafar talaba o‘qimoqda. Bu ko‘rsatkich 2025-yil boshiga nisbatan qariyb 105 ming nafarga ko‘paygan.
Ta’lim shakllari tarkibida ham sezilarli o‘zgarish kuzatilmoqda. Xususan, 2025-yil boshida xususiy OTMlar talabalarining 70 foizi sirtqi ta’limda tahsil olgan bo‘lsa, 2026-yilga kelib bu ulush 57 foizgacha kamaygan.
Aksincha, kunduzgi ta’lim shaklida o‘qiyotgan talabalar soni bir yil ichida 47 foizga oshib, 227 ming 888 nafarga yetgan.
Xususiy universitetlarda tahsil olayotganlarning 60 foizini ayollar tashkil etadi. Biroq ulardan atigi 0,24 foizi grant asosida o‘qimoqda.
Talabalar soni bo‘yicha yetakchi OTMlar ma’lum qilindi
Talabalar soni bo‘yicha O‘zbekistondagi eng yirik oliy ta’lim muassasalari quyidagicha:
- Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti — 48 919 nafar talaba;
- Toshkent Kimyo xalqaro universiteti — 37 144 nafar talaba;
- ISFT instituti — 35 139 nafar talaba;
- University of Business and Science — 34 793 nafar talaba;
- O‘zbekiston Milliy universiteti — 32 666 nafar talaba.
Mutaxassislar fikricha, xususiy oliy ta’lim sektoridagi o‘sish oliy ta’lim qamrovining kengayishi va kunduzgi ta’limga bo‘lgan talabning ortib borayotganidan dalolat beradi.