O‘zbekistonda oliy ta’lim bitiruvchilarining bandligi va daromadiga qarab hisoblanadigan “Bitiruvchi sifati indeksi”ni shakllantirish tartibi belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Talaba

Tegishli idoraviy hujjat 2026-yil 31-oktyabr kuni 3964-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.

Unga ko‘ra, indeks to‘rtta asosiy ko‘rsatkich asosida hisoblanadi: bitiruvchilarning band bo‘lish tezligi, barqaror bandlik darajasi, o‘rtacha oylik daromadi va bandlik toifasi.

Hisobot davri 1-iyuldan keyingi yilning 30-iyunigacha bo‘lgan 12 oyni qamrab oladi.

Ijtimoiy reyestrga kiritilgan va ijtimoiy himoyaga muhtoj bitiruvchilar uchun alohida imtiyozlar nazarda tutilgan. Jumladan, ularga band bo‘lish tezligi va bandlik toifasi indikatorlari bo‘yicha eng yuqori koeffitsiyent qo‘llanadi. Barqaror bandlik darajasini hisoblashda esa ular barqaror bandligi ta’minlangan bitiruvchilar sifatida hisobga olinadi.

Agar bitiruvchi bir vaqtning o‘zida bir nechta bandlik toifasiga mansub bo‘lsa, unga eng yuqori oshiruvchi koeffitsiyent qo‘llanadi.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning 2026-yil 10-apreldagi PF–58-son farmoniga muvofiq, “Bitiruvchi sifati indeksi”ni ishlab chiqish tizimi joriy etilgan. Unga ko‘ra, har yili eng yuqori indeksga ega 20 ta oliy ta’lim tashkilotining karera markazlariga 500 mln so‘mdan moliyaviy rag‘batlantirish beriladi.