O‘zbekistonda Oliy ta’lim to‘g‘risidagi nizom yangidan tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Nio

Ma’lum qilinishicha, vazirlik 3-aprel kuni oliy ta’limga oid idoraviy hujjatni davlat ro‘yxatidan o‘tkazgan. Yangi nizomda oliy ta’lim tizimini tashkil etish, ta’lim jarayoni, boshqaruv, moliyaviy munosabatlar, shuningdek, talabalar va pedagog xodimlarning huquq hamda majburiyatlari belgilab berilgan.

Talabalarga qanday huquqlar berildi?

Nizomga ko‘ra, talabalar:

  • ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha takliflar kiritish;
  • ta’lim jarayoniga oid muhokamalarda ishtirok etish;
  • kutubxona va axborot resurslaridan bepul foydalanish;
  • xalqaro almashinuv va qo‘shma dasturlarda qatnashish;
  • oliy ta’lim muassasasi rahbariyati qarorlari ustidan shikoyat qilish;
  • mehnat qonunchiligiga muvofiq ishlash;
  • kunduzgi ta’lim shaklida stipendiya olish huquqiga ega bo‘ladi.

Shuningdek, talabalarni ta’limga aloqador bo‘lmagan ishlarga jalb etish taqiqlanadi.

Ta’lim tizimida qanday o‘zgarishlar bor?

Talabalar oliy ta’lim tashkilotlarining ichki tartib-qoidalari va odob-axloq me’yorlariga rioya qilishi shart. Ta’lim jarayoni milliy kredit-modul tizimi asosida tashkil etilib, Yevropa kredit transfer tizimiga moslashtiriladi.

Nizomga ko‘ra:

  • oliy ta’lim bakalavriat va magistratura bosqichlarida amalga oshiriladi;
  • bakalavriat kamida 3 yil davom etadi;
  • sirtqi ta’lim kunduzgiga nisbatan kamida 1 yilga, kechki ta’lim esa kamida yarim yilga uzoqroq bo‘ladi.

Oliy ta’lim kunduzgi, masofaviy, dual va inklyuziv shakllarda tashkil etiladi. Ta’lim muassasalariga akademik, tashkiliy va moliyaviy mustaqillik beriladi.

Bitiruvchilarning mehnat bozori talablariga mos bo‘lishini ta’minlash maqsadida o‘quv dasturlari va malaka talablari ish beruvchilar bilan hamkorlikda ishlab chiqiladi.