O‘zbekistonda 5-iyundan oliy va kasbiy taʼlim muassasalariga o‘qishga kirish uchun qabul boshlandi.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi prezident farmoniga muvofiq, oliygohlar bakalavriatiga qabul jarayoni ikki bosqichda — “avval test, so‘ng tanlov” tamoyiliga muvofiq amalga oshirilishini eslatdi.

1-bosqichda abituriyentlar har yili 5-iyundan 25-iyungacha (25-iyun kuni ham) test sinovi topshirish uchun my.uzbmb.uz saytida onlayn ro‘yxatdan o‘tadi hamda quyidagilarni tanlaydi:

Faqat test sinovida ishtirok etsa:

  • fanlar majmuasi;
  • taʼlim tili;
  • test topshirish hududi.

Alohida iqtidor talab etiladigan taʼlim yo‘nalishlari bo‘yicha kasbiy/ijodiy imtihonlarda ishtirok etsa:

  • taʼlim tili;
  • test topshirish hududi;
  • alohida iqtidor talab etiladigan taʼlim yo‘nalishi;
  • kasbiy (ijodiy) imtihon topshiriladigan oliygoh.

Oliygohlarga kirish imtihonlari iyul-avgust oylarida o‘tkaziladi.

2-bosqichda abituriyentlar kirish imtihonlari to‘liq yakunlanganidan so‘ng 15 kun davomida my.uzbmb.uz sayti orqali quyidagilarni tanlaydi:

  • oliy taʼlim muassasasi;
  • bakalavriat taʼlim yo‘nalishi;
  • taʼlim shakli;
  • tanlov ustuvorligi.

Abituriyent test sinovida to‘plagan ballarini imtihon o‘tkazilgan kunning ertasiga bilishi mumkin. Uning talabalikka tavsiya etilgan yoki etilmagani qabul jarayonining 2-bosqichi to‘liq yakunlangandan keyin bir hafta muddatda Bilimni baholash agentligi saytida eʼlon qilinadi.

Texnikumlarda o‘qish istagini bildirgan abituriyentlar oliygohlarga qabulning yakuniy natijasi eʼlon qilinganidan so‘ng 10 kunda quyidagilarni tanlaydi:

  • texnikum;
  • kasb va mutaxassislik;
  • taʼlim shakli.

Natija bir hafta muddatda Bilimni baholash agentligi saytida eʼlon qilinadi.

Ma’lum qilinishicha, abituriyentlar va ularning ota-onalariga qulayliklar yaratish maqsadida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda barcha oliy ta’lim muassasalarida “Qabul-2025” shtabi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.