O‘zbekistonda oliy ta’lim muassasalarini tamomlagan bitiruvchilarning 83 foizi ish bilan band. Bu haqda Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi tomonidan ishlab chiqilgan “Bitiruvchilar sifati indeksi” (BSI) platformasida ma’lumot berildi.

Tahlil doirasida 170 ta oliy ta’lim tashkilotining 249 ming 432 nafar bitiruvchisining mehnat bozoridagi natijalari o‘rganilgan. Ularning 206 ming 951 nafari (83 foiz) ish bilan band ekani aniqlangan.

Shuningdek, 19 ming 314 nafar (7,7 foiz) bitiruvchi ta’limni davom ettirmoqda. 48 ming 125 nafar (19,3 foiz) bitiruvchi esa bola parvarishlash ta’tilida.

BSI platformasida ta’limni davom ettirayotgan, harbiy xizmatni o‘tayotgan, bola parvarishlash ta’tilida bo‘lgan, vafot etgan hamda xorijiy fuqaro hisoblangan bitiruvchilar ayrim hisob-kitoblarga kiritilmagani qayd etilgan.

Platformadagi ma’lumotlarga ko‘ra, 41 ming 6 nafar bitiruvchi ishsiz, 1 ming 316 nafari (0,5 foiz) xorijiy fuqaro hisoblanadi. Yana 159 nafar (0,1 foiz) bitiruvchi vafot etgani ko‘rsatilgan.

“Bitiruvchilar sifati indeksi” platformasi oliy ta’lim bitiruvchilarining ta’limdan keyingi faoliyati va mehnat bozoridagi natijalarini tahlil qilish imkonini beradi.