O‘zbekiston Fanlar akademiyasi xabariga ko‘ra, 2026-yil 28-fevral kuni mamlakat aholisi noyob astronomik hodisa — oltita sayyoradan iborat sayyoralar paradini kuzatish imkoniga ega bo‘ladi.

Mjo

Ma’lum qilinishicha, paradda Merkuriy, Venera, Neptun, Saturn, Uran va Yupiter sayyoralari ishtirok etadi. Ushbu hodisani shanba kuni Quyosh ufqqa botgach, O‘zbekistonning barcha hududlaridan kuzatish mumkin bo‘ladi. Sayyoralar osmon sohasining qariyb chorak qismini egallab, osmonning janubiy-g‘arbiy qismida joylashadi.

Qayd etilishicha, paradda ishtirok etayotgan sayyoralardan faqat to‘rttasi — Merkuriy, Venera, Saturn va Yupiter oddiy ko‘z bilan ko‘rinadi. Neptun va Uran esa juda xira bo‘lgani sababli ularni kuzatish uchun teleskop yoki binokl kabi maxsus optik uskunalar talab etiladi. Merkuriy va Venera Quyoshga yaqin joylashgani bois ufqqa juda yaqin bo‘ladi va ularni ko‘rish biroz qiyinlashishi mumkin.

Fanlar akademiyasi ma’lumotiga ko‘ra, bu safar Mars sayyorasi paradda ishtirok etmaydi. Sababi, u Yerdan qaralganda Quyoshdan oldin ufqqa botib ketadi.

Mutaxassislarning tushuntirishicha, sayyoralar paradi — ikki yoki undan ortiq sayyoralar bir chiziqqa yaqin holatda joylashadigan noyob astronomik hodisa hisoblanadi. 4 tagacha sayyora qatnashadigan kichik paradlar yiliga bir marta kuzatilishi mumkin bo‘lsa, 5 ta va undan ortiq sayyora ishtirok etadigan katta paradlar 18–20 yilda bir marotaba sodir bo‘ladi. 8 ta sayyora qatnashadigan parad esa taxminan 170 yilda bir marta kuzatiladigan juda kamyob hodisa sanaladi.