YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi xabariga ko‘ra, maktabgacha ta’lim tashkilotlari va maktablar uchun o‘quv dasturlarini to‘liq qayta ko‘rib chiqish jarayoni boshlandi.

Yangilanish yuqori samarali jahon ta’lim tizimlari dasturlari va baholash mezonlariga moslashtirishni nazarda tutadi. Islohot Islom taraqqiyot banki, Arab Coordination Group hamda Global Partnership for Education tomonidan moliyalashtirilayotgan SmartEd loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda. Loyiha Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, YUNISEF va Cambridge University Press & Assessment hamkorligida olib borilmoqda.
Respublika ta’lim markazi direktori vazifasini bajaruvchi Dilshoda Norboyevaning aytishicha, yangi dasturlarda kompetensiyaga asoslangan ta’lim, gender tengligi, inklyuzivlik, ijtimoiy-emotsional rivojlanish, ekologik mas’uliyat va raqamli savodxonlikka ustuvor ahamiyat berilmoqda.
YUNISEF vakolatxonasi rahbari Rexina Kastijio esa islohot XXI asr ko‘nikmalarini — tanqidiy fikrlash, ijodkorlik, muammolarni hal etish va hamkorlikni rivojlantirishga qaratilganini ta’kidladi.
Loyiha doirasida xalqaro va mahalliy ekspertlar ishtirokida seminarlar boshlangan. Kembrij mutaxassislari fan yo‘nalishlari rahbarlari uchun treninglar o‘tkazib, o‘quv dasturlarini uyg‘unlashtirish va xalqaro standartlarga moslashtirish bo‘yicha tavsiyalar bermoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yangilash ishlari puxta tahlil va aniq “yo‘l xaritasi” asosida olib boriladi. Yakunda har yili 8,8 million nafar bola va o‘quvchi, jumladan alohida ehtiyojga ega bolalar ham yangi tizim qamroviga olinishi kutilmoqda.