O‘zbekistonda maktab o‘quvchilari va talabalarni narkotik iste’mol qilgan yoki qilmaganini aniqlash bo‘yicha test tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Ismatjon Azizov “Daryo” nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, tekshiruvlar mahalliy ishlab chiqarilgan ekspress testlar yordamida amalga oshiriladi. Prezidentning 207-sonli farmoni asosida ishlab chiqilgan “poloska” ko‘rinishidagi testlar qisqa vaqt ichida natija beradi.
Mutaxassisning aytishicha, ushbu testlar so‘lak orqali ishlaydi va atigi bir necha soniya ichida natija ko‘rsatadi. Hozirda 16 turdagi narkotik moddalarga nisbatan aniqlash imkonini beruvchi testlar ishlab chiqilgan.
Shuningdek, tizim faqat tezkor aniqlash bilan cheklanib qolmaydi. Laboratoriya sharoitida qo‘llaniladigan murakkabroq usullar ham joriy etilmoqda. Xususan, soch tolasi orqali tekshiruv o‘tkazish imkonini beruvchi qurilmalar ustida ish olib borilmoqda. Ushbu usul yordamida 3 oydan 6 oygacha bo‘lgan davrda narkotik iste’moli aniqlanishi mumkin.
Ma’lum qilinishicha, mazkur qurilmalar hozirda Sog‘liqni saqlash vazirligida ro‘yxatdan o‘tkazilmoqda. Sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgach, iyun oyidan boshlab ularni ommaviy ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.
Testlar sentyabr oyidan e’tiboran maktablar va oliy ta’lim muassasalarida keng qo‘llanila boshlashi kutilmoqda.