O‘zbekistonda doimiy aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 2025-yilda 75,4 yoshni tashkil etdi. Bu 1991-yildagi ko‘rsatkichga nisbatan 9 yoshga ko‘p, deya xabar berdi Milliy statistika qo‘mitasi.

Lju

Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi yillar davomida bosqichma-bosqich oshib borgan. Xususan, 1991-yilda bu ko‘rsatkich 66,4 yoshni tashkil etgan bo‘lsa, 1995-yilda 69,1 yosh, 2000-yilda 70,8 yosh, 2005-yilda 71,8 yosh, 2010-yilda 73 yosh, 2015-yilda 73,6 yoshni tashkil qilgan.

2020-yilda o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 73,4 yosh etib qayd etilgan. Keyingi yillarda esa ko‘rsatkich yana o‘sib, 2024-yilda 75,1 yoshga, 2025-yilda esa 75,4 yoshga yetgan.

“O‘zbekiston–2030” strategiyasida mamlakat aholisining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligini 78 yoshga yetkazish maqsadi belgilangan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2025-yil avgust oyida Mustaqillik bayrami munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali marosimdagi nutqida so‘nggi yillarda sog‘liqni saqlash tizimiga ajratilayotgan mablag‘lar 6 barobar oshirilganini ta’kidlagan edi. Uning qayd etishicha, tibbiyot tizimidagi islohotlar va aholi turmush sharoitlarining yaxshilanishi natijasida mamlakatda o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 73,8 yoshdan 75,1 yoshga uzaygan.