O‘zbekistonda “Faol hayotga qadam” dasturi joriy etilishi munosabati bilan hukumatning ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Xususan, o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslar tegishli reyestrga kiritilganidan so‘ng ularning yashash sharoitlarini har chorakda bir marotaba ishchi guruh tomonidan qayta baholash talabi bekor qilinadi. Endilikda bunday tartib majburiy hisoblanmaydi.
Shuningdek, “Inson” markazlari va oilaviy poliklinikalar tomonidan keyingi yil uchun shaxslarni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish bo‘yicha alohida jadval tuzish amaliyoti ham bekor qilinmoqda. Ijtimoiy xizmatdan foydalanuvchiga berilgan vaucher tugatiladi hamda ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchini “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimidagi “Oila hamkori” platformasida ro‘yxatdan chiqarish asoslari aniq belgilab qo‘yiladi.
Bundan tashqari, 2026-yil 1-martdan boshlab xulq-atvori buzilishlari kuzatilmagan, ruhiy kasallik bo‘yicha dispanser nazoratida turgan demensiya, Parkinson yoki Alsgeymer kasalligi tashxisi qo‘yilgan shaxslar uchun kunduzgi qatnov asosida qarab turish xizmati yo‘lga qo‘yiladi.
Ma’lumot uchun, o‘zgalar parvarishiga muhtoj voyaga yetgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Faol hayotga qadam” dasturi O‘zbekistonda 2025-yil 1-iyundan joriy etilgan. Dastur doirasida besh turdagi yangi ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, uy sharoitida ijtimoiy-maishiy yordam, uyda qarab turish, tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya, kunduzgi qatnov asosida qarab turish hamda shaxsiy yordamchi xizmatlari.