O‘zbekistonda davlat idoralarida qog‘ozdan foydalanishni qisqartirish va ish jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish choralari kuchaytiriladi. Bu borada 18-mart kuni hukumatning “Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatida ish jarayonlarini raqamlashtirish doirasida qog‘ozdan foydalanishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Rmjkvncqitfexcjus7r3xlf0ykz2joel

Hujjatga ko‘ra, 2026-yil 1-iyunga qadar bir qator amaliy choralar joriy etiladi. Xususan, tashkilotlarda ishlatilgan qog‘ozlarni yig‘ish uchun maxsus konteynerlar o‘rnatilib, ularni qayta ishlash korxonalariga yetkazish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, har bir bo‘linmada xodimlar soni va ish hajmidan kelib chiqib, qog‘oz sarfiga aniq cheklovlar belgilanadi.

2026-yil 1-maydan boshlab esa respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida qog‘oz bilan bog‘liq xarajatlarni bosqichma-bosqich kamaytirish tartibi joriy etiladi. Unga ko‘ra, kelgusi 5 yil davomida qog‘oz, siyoh, printer va nusxa ko‘chirish uskunalari xaridlari har yili kamida 15 foizga qisqartirib boriladi.

Bundan tashqari, printerlardan markazlashgan holda foydalanish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Yangi tartibga asosan, ochiq ofisda faoliyat yurituvchi har 20 nafar xodim uchun 1 dona printer ajratiladi.

Qaror bilan ekologik tashabbuslar ham nazarda tutilgan. Jumladan, har oyda kamida bir marotaba “Qog‘ozsiz bir kun” ekoaksiyasini o‘tkazish belgilandi.