O‘zbekistonda 2026–2035-yillarga mo‘ljallangan saraton kasalliklariga qarshi kurashish bo‘yicha milliy dastur qabul qilinishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda “2026—2035-yillarda saratonga qarshi kurashish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror loyihasida ma’lum qilingan.

Hujjatga ko‘ra, dastur doirasida xavfli o‘sma kasalliklarini erta bosqichlarda aniqlash ko‘rsatkichini 45 foizdan 59 foizga yetkazish belgilangan. Shuningdek, saraton aniqlangan bemorlarning besh yillik yashovchanlik darajasini 40 foizdan 55 foizga oshirish maqsad qilingan.
Qaror loyihasida onkologik bemorlarning kamida 80 foizini zamonaviy diagnostika va davolash texnologiyalari bilan qamrab olish ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, aholi o‘rtasida eng ko‘p uchraydigan va oldini olish mumkin bo‘lgan saraton turlari — o‘pka, bachadon bo‘yni, oshqozon hamda jigar saratoni bilan kasallanish darajasini 5 foizga kamaytirish rejalashtirilmoqda.
Milliy dastur doirasida onkologik kasalliklarni erta aniqlash, tashxislash va davolash tizimini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish rejalashtirilgan. Shuningdek, Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazini Milliy onkologiya markaziga aylantirish ham nazarda tutilgan.