Sog‘liqni saqlash vazirligi O‘zbekistonda aholining sil bilan kasallanish ko‘rsatkichlari, 2026-yil uchun belgilangan rejalar hamda tashxis qo‘yishda sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish bo‘yicha ma’lumot berdi.

Kkl

Qayd etilishicha, 2025-yilda dunyo bo‘ylab 8,3 million kishiga tuberkulyoz tashxisi qo‘yilgan bo‘lib, ulardan 1,2 million nafari vafot etgan. Mutaxassislar COVID-19 pandemiyasidan keyin silning dorilarga chidamli shakllari keng tarqalayotganidan xavotir bildirmoqda.

O‘zbekistonda 2025-yil yakunlariga ko‘ra, aholining sil bilan kasallanish darajasi 3,7 foizga kamaygan. Bu borada Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Farg‘ona viloyati filialida BD MAX nomli zamonaviy tashxis usulining joriy etilishi muhim ahamiyat kasb etgani ta’kidlandi.

BD MAX to‘liq avtomatlashtirilgan molekulyar diagnostika qurilmasi bo‘lib, biologik tahlil namunasidan sil mikobakteriyasini PZR usulida tezkor aniqlash imkonini beradi. Ushbu texnologiya inson omilini kamaytiradi, bioxavfsizlikni oshiradi va 2–3 soat ichida tashxis natijalarini taqdim etadi.

Shuningdek, tuberkulyozning ko‘p dorilarga chidamli shakllarida 6 oylik qisqa davolash kurslarining joriy etilishi bemorlarning tezroq sog‘ayishiga xizmat qilmoqda.

2025-yilda barcha viloyatlar va chekka hududlarda faoliyat yurituvchi “O‘pka salomatligi” mobil brigadalari ultraportativ rentgen apparatlari, sun’iy intellekt asosida tashxis qo‘yuvchi komplekslar hamda ikki modullik GeneXpert uskunalari bilan jihozlandi.

Ftiziatriya va pulmonologiya markazida 12 turdagi yangi diagnostika va davolash usullari amaliyotga joriy etildi. Jumladan, kaminvaziv artrotomiya yordamida chanoq-son va tizza bo‘g‘imlarida sil kasalligidan keyingi asoratlarni bartaraf etish, ftiziourologiyada uretra transpozitsiyasi va sigmotsistoplastika kabi murakkab jarrohlik amaliyotlari muvaffaqiyatli bajarildi.

O‘tgan yili markazning 35 nafar mutaxassisi Daniya, Xitoy, Rossiya va Belarus davlatlarida malaka oshirib qaytgan. Shuningdek, 125 nafar xorijiy fuqaro davolanib, ularning 78 nafarida yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilgan.

2026-yilda respirator kasalliklar yuqori bo‘lgan hududlar qo‘shimcha ravishda 40 ta sun’iy intellekt asosidagi mobil rentgen uskunalari bilan ta’minlanadi. Ushbu texnologiyalar orqali to‘plangan barcha ma’lumotlar “DHIS-2” yagona elektron reyestriga jamlanib, kasalliklarni tahlil qilish va prognozlash imkoniyati yaratiladi.

Shuningdek, 1 million nafar aholini latent sil infeksiyasiga tekshirish, olis va chekka hududlarda yashovchi 200 ming nafar fuqaroni bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish rejalashtirilgan.