Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda yangi o‘quv yilidan boshlab sport dietologi, fiziologiya hamda sport psixologiyasi yo‘nalishlarida mutaxassislar tayyorlash yo‘lga qo‘yilishi ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, hozirda sportchilarni jarohatdan tiklash va mushak holatini tekshirish ishlari asosan xorijda amalga oshirilmoqda. Shu bois federatsiyalar sport shifokori, farmakolog va dietologlarni yuqori maosh evaziga chetdan jalb qilishga majbur bo‘layotgani ta’kidlandi.
Yig‘ilishda suyak sinishi va pay uzilishi kabi jarohatlar bo‘yicha zamonaviy protokollar mamlakatda yetarli darajada joriy etilmagani ham tanqid qilindi. Shuningdek, Travmatologiya, Kardiologiya va Terapiya markazlarining sport federatsiyalari bilan hamkorligi sustligi qayd etildi.
Endilikda ixtisoslashgan tibbiyot markazlari federatsiyalar bilan bevosita ishlaydi. Ular har oy terma jamoa a’zolarining sog‘ligini diagnostika qilib, jarohat olish xavfini baholaydi, sportchilarning jismoniy yuklamasini ilmiy tahlil qiladi hamda murabbiylarga tibbiy tavsiyalar beradi.
Ma’lum qilinishicha, Toshkent tibbiyot universitetida sport dietologi, fiziologiya va psixologiya yo‘nalishlari bo‘yicha, Toshkent farmatsevtika institutida esa sog‘lom ovqatlanish yo‘nalishida mutaxassislar tayyorlash boshlanadi.
Olimpiya shaharchasidagi Sport tibbiyoti ilmiy markazi talabalar uchun amaliyot bazasiga aylantiriladi.
Shuningdek, mutasaddilarga sport mahsulotlarini mahalliylashtirish dasturini ishlab chiqish va tegishli qaror loyihasini kiritish topshirildi.