Shavkat Mirziyoyev 11-fevral kuni “Startaplarni qo‘llab-quvvatlashning kompleks ekotizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

O‘quvchilar uchun “Eng yaxshi startap g‘oyasi” tanlovi

Qarorga ko‘ra, 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab bosqichma-bosqich o‘rta maxsus va kasbiy ta’lim tashkilotlari o‘quvchilari hamda umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 9–11-sinf o‘quvchilari uchun har oyda kamida ikki marotaba startap g‘oyalarini yaratishga o‘rgatuvchi “Mohirlik va biznes soati” tadbirlari o‘tkaziladi.

Shuningdek:
— o‘quvchilar o‘rtasida “Eng yaxshi startap g‘oyasi” tanlovi tashkil etiladi. Tuman bosqichi g‘oliblariga 5 million so‘mgacha, viloyat bosqichida esa 10 million so‘mgacha mukofot beriladi;
— loyihalar har chorakda ota-onalar, biznes va ilmiy hamjamiyat vakillariga taqdimot qilinadi;
— marketpleyslar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, ta’lim muassasalarida yaratilgan mahsulotlarni sotish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Talabalar o‘rtasida “Eng innovatsion g‘oya” tanlovi

2026-yildan boshlab har yili startap loyihaga aylantirish salohiyati yuqori bo‘lgan g‘oyalarni aniqlash maqsadida “Eng innovatsion g‘oya” respublika tanlovi o‘tkaziladi. Tanlov davlat oliy ta’lim muassasalarida tashkil etilib, g‘oliblarga 100 million so‘m grant ajratiladi.

Respublika bosqichi 10 ta yo‘nalish bo‘yicha o‘tkaziladi. Mukofot jamg‘armasi Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan 10 milliard so‘m etib belgilanadi.

“Oliygohlar – startaplar generatori” dasturi

2026-yil 1-sentyabrdan oliy ta’lim tashkilotlarida “Oliygohlar – startaplar generatori” dasturi amalga oshiriladi.

Unga ko‘ra:
— oliygohlarda IT-park va venchur jamg‘armalar bilan hamkorlikda talabalar akseleratorlari tashkil etiladi;
— talabalar uchun nufuzli xalqaro akseleratorlar va universitetlar bilan stajirovka hamda almashinuv dasturlari yo‘lga qo‘yiladi;
— oliy ta’lim muassasalariga talabalar va ilmiy xodimlarning istiqbolli startap loyihalariga inkubatsiya markazlari va akseleratorlar orqali har bir loyiha uchun 20 ming AQSH dollarigacha ekvivalentda o‘z mablag‘larini investitsiya qilish huquqi beriladi;
— talabalar akseleratorlarida “startap menejer” va “startap treker” lavozimlari joriy etiladi.

Eslatib o‘tamiz, prezident 2025-yil 30-iyun kuni yoshlar bilan uchrashuvda startaplarni qo‘llab-quvvatlash tizimi yaratilgani, ularni moliyalashtirishga 145 million dollar venchur sarmoya yo‘naltirilgani va bu ko‘rsatkich 1 milliard dollarga yetkazilishini ma’lum qilgan edi.

Shuningdek, maktab o‘quvchilari uchun “mohirlik va biznes soati” joriy etilib, ularning g‘oyalarini startapga aylantirish uchun 100 milliard so‘m grant ajratilishi ta’kidlangan.