28-noyabr kuni Toshkentda sun’iy intellektga bag‘ishlangan xalqaro forum ochilishida Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatda raqamli transformatsiyani tezlashtirish, sun’iy intellektni barcha sohalarga joriy etish va yoshlar uchun yangi texnologik imkoniyatlar yaratishga qaratilgan bir qator tashabbuslarni e’lon qildi.
Xususan:
- Nvidia kompaniyasi bilan superkompyuter klasteri ishga tushiriladi; AQSHning Kremniy vodiysida Milliy transfer ofisi ochiladi; barcha hududlardagi “Kelajak markazlari”da sun’iy intellekt bo‘yicha maktab dasturi joriy qilinadi.
- Maktablar o‘rtasida har yili sun’iy intellekt yo‘nalishida eng yaxshi startap g‘oyalari bo‘yicha tanlov o‘tkaziladi, g‘olib maktablarda zamonaviy sun’iy intellekt laboratoriyalari tashkil etiladi.
- Har yili 100 eng iqtidorli yoshlar prezident tanlovi orqali AQSH, BAA va Yevropadagi ilg‘or texnologik kompaniyalarga stajirovkaga yuboriladi.
- “5 million sun’iy intellekt yetakchilari” loyihasi boshlangan bo‘lib, 2030-yilgacha 4,75 million o‘quvchi va talaba, 150 ming o‘qituvchi va 100 ming davlat xizmatchisi sun’iy intellekt bo‘yicha o‘qitiladi. Loyihada maktab, kasb va oliy ta’lim tizimlari integratsiyalashadi.
- Har yili noyabr oyi “Yoshlar uchun sun’iy intellekt oyligi” deb e’lon qilinadi va doimiy ravishda “Ipak yo‘li sun’iy intellekt forumi” o‘tkazib boriladi.
Mazkur tashabbuslar mamlakatda sun’iy intellekt sohasini rivojlantirish, yoshlarni ilg‘or texnologiyalar bilan tanishtirish va innovatsion iqtisodiyotni mustahkamlashga xizmat qiladi.