O‘zbekistonda “Bir million dasturchi” loyihasining mantiqiy davomi sifatida har yili “Besh million sun’iy intellekt yetakchilari” loyihasini amalga oshirish rejalashtirilmoqda.

Vazirlar Mahkamasining “Yoshlarni IT sohasiga jalb qilish, ularning raqamli bilim va ko‘nikmalarini oshirish orqali yuqori daromadli kasblarga yo‘naltirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, loyiha doirasida eng yuqori natijalarga erishgan ishtirokchilarni rag‘batlantirish maqsadida har yili milliy tanlov o‘tkazib boriladi.

Tanlov g‘oliblari quyidagi mukofotlar bilan taqdirlanadi:
— 100 nafar o‘qituvchi — 1 ming AQSH dollari ekvivalentida pul mukofoti;
— 10 nafar o‘qituvchi — xorijiy sayohatga yo‘llanma;
— 500 nafar yosh — noutbuk;
— 500 nafar yosh — qimmatbaho sovg‘alar;
— 3 ta oliy ta’lim muassasasi — pul mukofoti;
— 2 ta umumta’lim maktabi — “Prezident sovg‘asi” sifatida elektromobil.

Hujjatga ko‘ra, har yili 1-noyabrga qadar taqdirlash marosimi xarajatlar smetasi ishlab chiqiladi hamda ushbu smeta asosida xarid jarayonlari tashkil etiladi. Xaridlar “Sun’iy intellekt alyansi” nodavlat notijorat tashkiloti tomonidan amalga oshiriladi.

Shuningdek, loyihaning hududlar kesimidagi maqsadli ko‘rsatkichlari belgilangan bo‘lib, 2026-yilda 500 ming nafar, 2035-yilgacha esa jami 5 million nafar yoshlarni o‘qitish ko‘zda tutilgan. 2026-yildan boshlab yoshlarni xalqaro ta’lim platformalaridagi kurslarga jalb etish ham yo‘lga qo‘yiladi.

Ma’lumki, Prezident Shavkat Mirziyoyev 25-noyabr kuni Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamkorlikda “Bir million dasturchi” loyihasining uzviy davomi sifatida “5 million sun’iy intellekt yetakchilari” loyihasiga start bergan edi. Davlat rahbari ushbu tashabbusni “oddiy dastur emas, balki yoshlar uchun yangi imkoniyatlar olami” deb baholagan.

Loyiha doirasida 2030-yilga qadar 4 million 750 ming nafar maktab o‘quvchilari va talabalar, 150 ming nafar o‘qituvchilar hamda 100 ming nafar davlat xizmatchilarini sun’iy intellekt yo‘nalishida o‘qitish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, sun’iy intellekt texnologiyalarini maktab, kasb-hunar va oliy ta’lim tizimlariga bosqichma-bosqich integratsiya qilish nazarda tutilmoqda.