Prezident Shavkat Mirziyoyev 21-yanvar kuni sun’iy intellektdan foydalanish bilan bog‘liq huquqiy asoslarni belgilovchi qonunni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligi axborot xizmati ma’lum qildi.
Qonun bilan “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilib, sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanishning umumiy qoidalari hamda ushbu sohada vakolatli davlat organining vakolatlari belgilandi.
Hujjatda sun’iy intellekt inson bilim va ko‘nikmalariga taqlid qiluvchi, mustaqil o‘rganish hamda aniq vazifalarni bajarishda inson aqliy faoliyatiga yaqin natijalar bera oladigan texnologik yechimlar majmui sifatida ta’riflangan.
Qonunga muvofiq, insonning huquq va erkinliklariga daxldor hamda yuridik ahamiyatga ega qarorlar qabul qilishda faqat sun’iy intellektga asoslangan axborot tizimlari xulosalariga tayanish taqiqlanadi. Bunday hollarda inson omilining ishtiroki majburiy hisoblanadi.
Shuningdek, sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda shaxsga doir ma’lumotlarga qonunga xilof ravishda ishlov berish yoki ularni ommaviy axborot vositalari, telekommunikatsiya tarmoqlari va internet orqali tarqatish uchun ma’muriy javobgarlik belgilandi.
Xususan, huquqbuzarlik sodir etishda foydalanilgan vositalar musodara qilinib, bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan 100 baravarigacha — 20,6 million so‘mdan 41,2 million so‘mgacha jarima solinishi nazarda tutilgan.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.