O‘zbekistonda sun’iy yomg‘ir yog‘dirish texnologiyasini joriy etish bo‘yicha pilot loyiha ishlab chiqiladi. Bu Shavkat Mirziyoyevning 2026-yilgi davlat dasturi to‘g‘risidagi farmonida belgilangan.

Hujjatga ko‘ra, respublikaning chang-to‘zonlar tez-tez kuzatiladigan hududlarida aholining salomatligini muhofaza qilish uchun zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsad qilingan. Shu doirada Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi 2026-yil 1-martdan boshlab xorijiy tajribani o‘rganadi hamda sun’iy yomg‘ir yog‘dirish texnologiyasi asosida ilmiy jihatdan asoslangan pilot amaliy loyihani ishlab chiqadi.
Xususan, bu borada Fransiya, Xitoy va Saudiya Arabistoni tajribalaridan foydalanish rejalashtirilgan.
Pilot loyiha doirasida kamida 3–5 ta amaliy sinov o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Natijada yog‘ingarchilik miqdori tabiiy fonga nisbatan 10–20 foizga oshishi kutilmoqda.
Mazkur vazifa ijrosi uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri, shuningdek tuman va shahar hokimliklari mas’ul etib belgilandi.